Yangiliklar

Toshkentda 12 ta yo‘nalishdagi avtobuslar yangisiga almashtirildi, Luvrda o‘g‘irlangan taqinchoqlar ishi bo‘yicha ikki kishi hibsga olindi — 27-oktabrning muhim hodisalari

AQSh va Xitoy yangi savdo kelishuvining asosiy shartlarini kelishib oldi
Samarqand
27-oktabrning muhim hodisalari / Foto: Kursiv Uzbekistan

Toshkentda 12 ta yo‘nalishdagi avtobuslar yangisiga almashtirildi, Luvrda o‘g‘irlangan taqinchoqlar ishi bo‘yicha ikki kishi hibsga olindi — 27-oktabrning muhim hodisalari «Kursiv» dayjestida.

Toshkentda 12 ta yo‘nalishdagi avtobuslar yangisiga almashtirildi

Foto: Transport vazirligi

2025-yil 27-oktabrdan boshlab Toshkentda 12 ta yo‘nalish bo‘yicha yangi elektrobuslar harakat boshladi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati xabar berdi.

Joriy yilning 13-oktabr kuni mazkur jamiyat harakat tarkibini yangilash maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan 202 dona Yutong rusumli elektrobuslarni qabul qilgandi. Ushbu elektrobuslar bugundan ikkita bosqichda harakatlana boshladi.

Toshkentda topilgan chiyabo‘ri hayvonot bog‘iga topshirildi

Toshkentda topilgan chiyabo‘ri hayvonot bog‘iga topshirildi
Toshkentda topilgan chiyabo‘ri hayvonot bog‘iga topshirildi / Foto: Ekologiya vazirligi

Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani Darxon mahallasida topilgan yovvoyi chiyabo‘ri hayvonot bog‘iga topshirildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan so‘ng Ekologiya, atrof-muhitni himoya qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, shuningdek, boshqa tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.

Yangi Toshkentda yerosti bog‘lamalari barpo etiladi

Foto: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi

Yangi Toshkent loyihasi doirasida shaharning markaziy qismlarida ko‘p funksiyali yerosti bog‘lamalari qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Ushbu majmualarda kundalik hayot uchun zarur sharoitlar yaratiladi – avtomobillar uchun avto to‘xtash joylari, moyka va quvvatlash stansiyalari, velosiped turargohlari hamda ota-onalar uchun bola parvarishi xonalari tashkil etiladi.

Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasidagi archalarning kesilishi yuzasidan bayonot berdi

Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasidagi archalarning kesilishi yuzasidan bayonot berdi
Foto: ijtimoiy tarmoq

Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasidagi archalarning kesilgani bilan bog‘liq holatga izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida 83 tup piramidasimon gujum daraxti va 62 mingdan ortiq manzarali butalar ekish rejalashtirilgan. Shu jarayonda avval o‘sib turgan o‘simliklarga nisbatan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan.

Luvrda o‘g‘irlangan taqinchoqlar ishi bo‘yicha ikki kishi hibsga olindi

Luvrdan o‘g‘irlangan durdonalar 102 million dollarga baholanmoqda
Foto: CNN

Fransiya politsiyasi Luvr muzeyidan taxminan 88 mln yevrolik qirollik taqinchoqlarini o‘g‘irlashda gumon qilingan ikki erkakni hibsga oldi. Ulardan biri Sharl de Goll aeroportida, ikkinchisi Parij yaqinidagi Sena-Sen-Deni hududida qo‘lga olingan.

France Inter ma’lumotiga ko‘ra, erkaklar Parij shimolidagi ijtimoiy jihatdan og‘ir ahvoldagi Sena-Sen-Deni hududida yashagan va ilgari ham jinoyat uchun sudlangan.

Germaniya kompaniyasi O‘zbekistonda konteyner tashuvlarini rivojlantiradi

Germaniya kompaniyasi O‘zbekistonda konteyner tashuvlarini rivojlantiradi
Foto: Rhenus

Bryusselda O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov Rhenus Group kompaniyasi bosh ijrochi direktori Tobias Bartz bilan hamkorlik uchrashuvi o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tomonlar transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

AQSh va Xitoy yangi savdo kelishuvining asosiy shartlarini kelishib oldi

AQSh va Xitoy yangi savdo kelishuvining asosiy shartlarini kelishib oldi
Foto: The Guardian

AQSh va Xitoy delegatsiyalari Malayziyada bo‘lgan ASEAN sammitida savdo kelishuvi bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. AQSh moliya vaziri Skot Bessentning aytishicha, bitim Xitoy importiga 100 foizlik boj joriy etilishi xavfini bartaraf etadi va TikTok’ning AQShdagi faoliyati bo‘yicha yakuniy yechimni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistonda qaysi sohalarda oylik yuqori

Foto: Ijtimoiy tarmoq

2025-yilning yanvar – sentabr oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6,2 mln so‘mni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,2 foizga oshgan.

Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida qayd etildi – 10,3 million so‘m.

28-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

dollar
Foto: Jorge Salvador / Unsplash

28-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 053,46 so‘m (-63,89 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.

Shuningdek, yevro 42,85 so‘mga tushib, 14 026,61 so‘mni, rubl esa 2,94 so‘mga oshib, 152,43so‘mni tashkil qildi.