
2025-yil 27-oktabrdan boshlab Toshkentda 12 ta yo‘nalish bo‘yicha yangi elektrobuslar harakat boshladi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati xabar berdi.
Joriy yilning 13-oktabr kuni mazkur jamiyat harakat tarkibini yangilash maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan 202 dona Yutong rusumli elektrobuslarni qabul qilgandi. Ushbu elektrobuslar bugundan ikkita bosqichda harakatlana boshladi.
Birinchi bosqichda quyidagi yo‘nalishlarda eski avtobuslar elektrobuslarga almashtirildi:
- 22, 30, 84, 21, 127, 5, 47 va 17T-yo‘nalishlarda jami 86 ta elektrobus yo‘lga chiqadi.

Shuningdek, yana ayrim yo‘nalishlarda avtobus markalari yangilanadi:
- 141, 65, 117 va 64-yo‘nalishlarda MAN va Mercedes Benz avtobuslari o‘rniga Yutong Gaz rusumli avtobuslar harakatlana boshlaydi.

«Toshshahartransxizmat» AJ ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘zgarishlar yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va transport harakati qulayligini oshirishga qaratilgan.
Avvalroq Shota Rustaveli ko‘chasida uchta avtobus harakati qayta tiklangani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, 2025-yil 26-oktabrdan boshlab Shota Rustaveli ko‘chasidagi markaziy avtobus yo‘lagi (BRT) orqali 80, 114 va 127-sonli avtobuslar harakatni boshladi.