2026-yilda dunyo iqtisodiyotida Osiyo yetakchilik qiladi — XVJ

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning oktabr oyidagi hisobotida qayd etilishicha, 2026-yilda global iqtisodiyot ehtiyotkor o‘sish va noaniqlik davriga kiradi. Hisobotda jahon iqtisodiy rivojlanishi fragmentatsiya va proteksionizmning kuchayishi sabab sekinlashayotgani ta’kidlangan.
XVJ mutaxassislariga ko‘ra, asosiy xavf omillari sifatida texnologik kompaniyalar aksiyalarining haddan tashqari baholanishi va davlat institutlari mustaqilligining susayishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Tashkilot reytingi mamlakatlarning nominal yalpi ichki mahsuloti (YIM) asosida shakllantirilgan bo‘lib, har bir iqtisodiyotning jahon YIMdagi ulushini aks ettiradi.
Osiyo — yangi global iqtisodiy markaz
XVJ prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda Osiyo dunyodagi eng yirik iqtisodiy mintaqaga aylanadi. Bunga Xitoy, Yaponiya va Hindistonning ulushi sabab bo‘ladi. Mintaqa jami YIM hajmi bo‘yicha ilk bor Shimoliy Amerikani ortda qoldirishi kutilmoqda.
Uchinchi o‘rinda Yevropa, undan keyin Yaqin Sharq, Janubiy Amerika, Afrika va Okeaniya mintaqalari qayd etilgan.
AQSh yetakchiligini saqlab qoladi
Qo‘shma Shtatlar yuz yildan ortiq vaqt davomida dunyo iqtisodiyotida yetakchilikni davom ettirib kelmoqda. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda AQSh YIM hajmi $31,8 trlnni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Xitoy, Germaniya va Hindiston iqtisodiyotlari umumiy hajmiga tengdir.
Xitoy — ikkinchi o‘rinda, ammo sekinlashuvda
Xitoy $20,7 trln YIM bilan dunyoda ikkinchi o‘rinni saqlab qoladi. Bu AQShdan 35 foiz kam, ammo Germaniyadan uch baravar yuqori. Biroq mamlakat iqtisodiy o‘sishiga aholining qarishi, ko‘chmas mulk inqirozi va eksportdagi cheklovlar salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2026-yilda Xitoy o‘sishi 4 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda – bu so‘nggi 40 yildagi eng past natija hisoblanadi.
Germaniya — Yevropaning tayanch iqtisodiyoti
Germaniya uchinchi pog‘onani saqlab qoladi. Biroq sanoat ishlab chiqarishining sekinlashuvi va energiya narxlarining yuqoriligi iqtisodiy faollikka bosim o‘tkazmoqda. XVJ fikricha, Germaniya o‘sish sur’atlari yaqin yillarda barqaror, ammo past bo‘lishi mumkin.
Hindiston — eng tez o‘suvchi iqtisodiyot
Hindiston $4,5 trln YIM bilan to‘rtinchi o‘ringa chiqib, Yaponiyani ortda qoldiradi. Bu natija mamlakat ichki talabining kuchayishi va xizmatlar sektorining jadal rivojlanishi bilan izohlanadi. XVJ prognozlariga ko‘ra, Hindiston o‘rta muddatda dunyodagi eng tez o‘sayotgan yirik iqtisodiyot bo‘lib qoladi.
Rossiya — to‘qqizinchi o‘rinda
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya $2,5 trln YIM bilan dunyoning to‘qqizinchi yirik iqtisodiyoti sifatida qayd etilgan. Mamlakat iqtisodiy faolligi, asosan, energetika sektori va harbiy sanoat ishlab chiqarishining kengayishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
XVJ xulosasiga ko‘ra, 2026-yilda global iqtisodiyotda o‘sish mavjud bo‘lsa-da, u ehtiyotkorlik va strukturaviy o‘zgarishlar davriga kiradi. Shu bois mamlakatlar uchun iqtisodiy barqarorlikni saqlash, investitsiyalarni jalb qilish va institutsional mustaqillikni qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan XVJ 2030-yilga borib global davlat qarzi YIMning 100 foizidan oshishini taxmin qilayotgani haqida xabar bergan edi.