Honor Magic 8 Ultra haqida dastlabki ma’lumotlar e’lon qilindi

28-oktabr 2025 10:41 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Honor
Foto: Grok

Honor Magic 8 Ultra smartfoni haqida dastlabki texnik ma’lumotlar oshkor qilindi. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.

Yangi smartfon Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan jihozlanadi. Qurilma 6,7 dyuymli LTPO OLED displeyga ega bo‘lib, 1,5K o‘lchamda tasvir beradi. Ekran yon tomondan egilgan, ultratovushli barmoq izi skaneri va 3D yuzni aniqlash tizimi o‘rnatiladi.

Asosiy kamera tizimi 50 megapikselli OmniVision OV50R sensori asosida ishlaydi. Ushbu sensor yuqori dinamik diapazonga ega va 2026-yilning birinchi choragida ommaviy ishlab chiqarishga kirishi kutilmoqda. Shuningdek, smartfon 200 megapikselli periskop teleobyektivga ega bo‘ladi, u 4,3 – 7 martagacha optik zumni ta’minlaydi.

Honor Magic 8 Ultra MagicOS 10 tizimida ishlaydi (Android 16 asosida). Qurilma 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlangan. U 120 Vt simli va 50 Vt simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Smartfon 2026-yilning birinchi yarmida taqdim etilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, kompaniya Dimensity 9500 protsessorli Honor Magic 8 Mini’ni ham namoyish qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Honor Magic8 smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek