
O‘zbekistonda birlamchi bozor bilan birgalikda ikkilamchi bozor ham jonlamoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, sentabr oyida 52,6 ming dona avtomobil sotilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi oyga nisbatan atigi 0,1 foizga kam. Ushbu maqolada ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilish uchun tavsiyalar beriladi.
Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
- Texnik holatni sinchiklab ko‘ring;
- Avariya va kuzov holati;
- Hujjatlardagi firibgarlik;
- Bozor narxini o‘rganing;
- Mashina xaridida adashmaslik yo‘llari.
Texnik holatni sinchiklab ko‘ring

Mashina xaridida eng muhim bosqich — texnik holatni to‘liq tekshirish. Imkon bo‘lsa, avtomobilni ko‘rish va sinov haydovida sizga ustaxonada ishlaydigan yoki tajribali tanish hamrohlik qilsin. Mashinani tinch joyda, kunduz kuni, shoshilmay tekshirish maqsadga muvofiq. Bu orqali siz dvigatel tovushlari, tormoz, rul va transmissiya ishlashini aniq baholaysiz.
Odometrga (yurgan masofa) ishonch bilan qarash ham har doim to‘g‘ri emas. Ayrim sotuvchilar ko‘rsatkichni sun’iy kamaytirishadi. Shuning uchun rul, pedal, tormoz disklari, asboblar panelidagi tirnalishlarga qarab mashinaning haqiqiy yilini aniqlash mumkin. Zarur bo‘lsa, servisda kompyuter diagnostikasi qildiring.

Avariya va kuzov holati
Mashina ilgari avtohalokatga uchraganmi — bu ham muhim savol. Hatto kichik YTH ham narxni $500 gacha tushiradi. Katta avariyada esa kuzov geometriyasi buzilgan bo‘lishi mumkin. Bu esa boshqaruvda xavf tug‘diradi. Shu bois, bo‘yoq qalinligini o‘lchaydigan maxsus asbob bilan tekshirish foydali. Zavod bo‘yog‘i 80–160 mikron bo‘ladi. Ayrim joylarda bundan yuqori bo‘lsa, demak u qism qayta bo‘yalgan.

Agar mashinada tom, rama yoki ramkalari shikastlangan bo‘lsa, undan voz kechgan ma’qul. Xavfsizlik yostiqchalari ochilgan yoki kuzov qiya chiqqan avtomobillar ham tavakkal hisoblanadi.
Hujjatlarda firibgarliklarga yo‘l qo‘ymang
Ko‘p hollarda xaridorlar mashinani rasmiy oldi-sotdi shartnomasiz, faqat ishonchnoma orqali oladi. Bu eng katta xato. Chunki mashina huquqan hali ham eski egasiga tegishli bo‘ladi. Shunday holatlar kuzatilganki, sobiq egasi jarimalar tufayli ishonchnomani bekor qilib, mashinani qaytarib olgan. Xaridor esa na mashinasiz, na pulisiz qolgan.

Shuning uchun avtomobilni faqat notarius orqali shartnoma tuzib va keyin YHXX bo‘limida o‘z nomingizga rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazgan holda sotib olish kerak. Hujjatlardagi VIN-kod va dvigatel raqamini mashinanikiga solishtiring. Servis tarixini so‘rang.
To‘lovni mashina sizning nomingizga o‘tmaguncha bermang. Eng xavfsiz yo‘l — pulni notariusda shartnoma imzolangach yoki bank orqali o‘tkazish. Arzon takliflarga ishonmang. Bu firibgarlik bo‘lishi mumkin.
Bozor narxini o‘rganing
Mashina tanlashdan avval OLX.uz, Avtoelon.uz kabi saytlarda o‘xshash modellar narxini solishtiring. Yili, yurgan masofasi va komplektatsiyasiga qarab narx o‘zgaradi. Misol uchun, 2025-yil boshida ikkilamchi bozorda Cobalt o‘rtacha $12 ming, Nexia $11 ming, Spark $10 ming, Damas esa $7–8 ming atrofida baholangan.

Narxi o‘rtachadan past mashinaga shubha bilan qarash lozim. Unda yashirin nosozlik yoki hujjat muammosi bo‘lishi mumkin. Sotuvchi bilan savdolashish tabiiy, ammo mantiqiy chegara ichida.
Narxga mashinaning rangi, texnik holati va hatto qaysi viloyatda sotilayotgani ham ta’sir qiladi. Masalan, poytaxtda avtomobillar narxi viloyatlardagidan ko‘pincha biroz yuqoriroq bo‘ladi.

Asosiy yo‘riqnomalar
Ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilish to‘g‘ri yondashilganda tejamli va foydali qaror bo‘lishi mumkin. Agar siz mashinaning texnik holatini puxta tekshirsangiz, hujjatlarni rasmiy yo‘l bilan rasmiylashtirsangiz va bozor narxini oldindan o‘rganib chiqsangiz, xarid jarayoni hech qanday xavfsizlik muammosiz o‘tadi.
Eng muhimi — shoshilmang. Har bir detaldan ishonch hosil qiling, kerak bo‘lsa, mutaxassis yoki tajribali haydovchidan maslahat oling. Ehtiyotkorlik va bilimli yondashuv sizni firibgarliklardan himoya qiladi, yangi mashinangiz esa sizga uzoq yillar quvonch ulashadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistondagi eng yaxshi avtokreditlar haqida yozgan edi.