Litsenziya talablarini buzgan qurilish korxonasi faoliyati to‘xtatildi

Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi «Injener Servis» xususiy korxonasi litsenziya talablari va shartlarini buzganini ma’lum qildi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Tekshiruvlar davomida korxona Jizzax shahridagi Kimyogar mahallasida joylashgan olti qavatli turar joy binosining loyiha hujjatlarini shaharsozlik qoidalariga zid tarzda tayyorlagani aniqlangan.
Qonunchilikka ko‘ra, bunday obyektlar III murakkablik toifasiga kiradi, ammo korxona faqat II toifali obyektlarga loyiha tayyorlash huquqiga ega bo‘lgan. Shunga qaramay, korxona o‘z vakolatidan oshib ish bajargan.
Bu holat litsenziya talablarini «qo‘pol ravishda buzish» deb baholanib, vazirlik tomonidan korxonaga nisbatan litsenziyani bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilingan. Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi qaroriga ko‘ra, korxonaga 2020-yil 24-iyunda berilgan II toifali litsenziya bekor qilingan va reyestrdan chiqarilgan.
Avvalroq hukumat qaroriga muvofiq, 2025 – 2026-yillarda ayrim tuman va shaharlarda mahalliy boshqaruv organlari uchun yangi ma’muriy binolar qurilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, Yangi binolar foydalanishga topshirilgach, ularning 1 va 2-qavatlari savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun «E-auksion» platformasi orqali ijaraga beriladi.