![Fazliddin Erkinboev World Boxing jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi]](https://cdn-uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/09/photo_2025-09-14_02-34-42-1024x682.jpg)
World Boxing xalqaro tashkiloti o‘zining yangilangan rasmiy reytingini ma’lum qildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi umumiy natijalar bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Qozog‘iston esa ikkinchi pog‘onadan joy oldi.
O‘zbekistonlik olti nafar bokschi o‘z vazn toifalarida peshqadamlik qilmoqda. Bular Abdumalik Halokov (60 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (65 kg), Fazliddin Erkinboyev (75 kg), Jahongir Ummataliyev (80 kg), Akmaljon Isroilov (85 kg) va To‘rabek Habibullayev (90 kg).

Qozog‘istonlik bokschilardan esa Sanjar Toshkenbay (50 kg), Mahmud Sobirxan (55 kg), To‘raxan Sobirxan (70 kg) va Aybek Oralbay (+90 kg) o‘z toifalarida yetakchilikni saqlab turibdi.
«Reytingda O‘zbekiston bokschilari 10 ta vazn toifasining 6 tasida yetakchilik qildi, Qozog‘iston esa qolgan 4 toifada peshqadam bo‘ldi», deyiladi tashkilotning rasmiy Instagram sahifasida.
Liverpulda bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida Qozog‘iston 7 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan, O‘zbekiston esa 6 ta oltin bilan ikkinchi pog‘onadan joy olgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shahram G‘iyosov WBA chempionlik kamari uchun jang qilishi haqida xabar bergan edi.