O‘zbekiston va Serbiya prezidentlari qator hujjatlarni imzoladi

Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich boshchiligida rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Mirziyoyev Serbiya yetakchisini samimiy qutlar ekan, tashrif diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi arafasida o‘tayotganini ta’kidladi. «Bu tashrif O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir», dedi davlat rahbari.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, raqamlashtirish, agrosanoat, turizm va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, «Markaziy Osiyo – Bolqon» transport yo‘nalishini, jumladan, Transkaspiy koridorini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida prezidentlar Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar hamda iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, turizm, sport, texnologiyalar, diplomatik kadrlar tayyorlash va mehnat migratsiyasi sohalarida o‘ndan ortiq hukumatlararo bitimlarni tasdiqladilar. Toshkent va Belgrad shaharlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Tashrif yakunida prezidentlar Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimida ishtirok etdilar. Ushbu ramziy tadbir O‘zbekiston va Serbiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ezgu niyatni ifoda etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev geologiya tizimini rivojlantirish va sohada ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish masalalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi.