O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 8,2 mlndan 8 mln so‘mga tushdi

eʼlon qilindi
28-oktabr holatiga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha tushdi
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 8,1 mlndan 7,9 mln so‘mga tushdi
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 8,2 mlndan 8 mln so‘mga tushdi. Foto: ijtimoiy tarmoq

O‘zbekistonda oltin quymalar narxi keskin pasayishni davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

28-oktabr holatiga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha tushdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,173 mln so‘mdan 7,967 mln so‘mga, 10 grammli quyma 16,346 mln so‘mdan 15,934 mln so‘mga, 20 grammli quyma 32,693 mln so‘mdan 31,867 mln so‘mga pastladi.

Shuningdek, 50 grammli quyma 79,668 mln so‘m, 100 grammli esa 159,336 mln so‘mni tashkil etdi.

Jahon bozorida ham oltin narxi pasayishni davom etmoqda. Xususan, 28-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 10:20 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $3972,57 ni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekiston Rossiyadan oltin xarid qilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Unga ko‘ra, bunday ma’lumotlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

«Biz hech qachon boshqa davlatlardan oltin sotib olmaganmiz va sotib olish niyatimiz yo‘q. O‘zimizga yetadigan oltinimiz bor», – dedi Ishmetov.

Rais bu masala bo‘yicha The Economist jurnalida chop etilgan maqolani eslab o‘tdi. Unga ko‘ra, Markaziy bank nashrga rasmiy murojaat yuborib, unda keltirilgan ma’lumot manbasini so‘ragan va xatolikni ko‘rsatgan.

«Izohimizdan so‘ng jurnal keyingi sonida bu xatoni tuzatdi. Juda tushunarsiz holat bo‘lgan», – dedi Markaziy bank raisi.

Joriy yilning yanvar – sentabr oylarida Oʻzbekiston $9,9 milliardlik oltin eksport qilgan. Milliy statistika qoʻmitasiga ko‘ra, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 70,9 foiz koʻp. Oltin eksportidan tushgan daromad mamlakatning umumiy tashqi tushumlarining 37,1 foizini tashkil etdi. 2024-yil yanvar – sentabr oylarida xorijga $5,8 milliardlik oltin sotilgan bo‘lib, bu umumiy eksport tushumlarining 28,9 foiziga teng bo‘lgan.

Shuningdek