Toshkentda issiqlik ta’minoti tariflari 12-noyabrdan oshadi, UzAuto Motors taqdim etadigan Damas Move — 28-oktabrning muhim yangiliklari

Toshkentda issiqlik ta’minoti tariflari 12-noyabrdan oshadi, UzAuto Motors taqdim etadigan Damas Move xususiyatlari, Sanjar Karimov bermoqchi bo‘layotgan uy — 28-oktabrning muhim yangiliklari Kursiv Uzbekistan materialida.
Toshkent aeroportida yangilangan uchib kelish zali ishga tushdi

Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari yakunlanib, yangilangan uchib kelish zali, ochiq terassa va VIP zal foydalanishga topshirildi. Zal fasadi 2200 kvadrat metrga kengaytirilib, kutib oluvchilar uchun hudud 5000 kvadrat metrga yetdi. Bu yerda qahvaxona, ichimliklar barlari, muzqaymoq va gul do‘konlari ochiladi.
Yamayka 2025-yilning eng kuchli to‘foniga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Yamaykada yilning eng kuchli tabiiy ofati kutilmoqda. Hukumat aholiga uyda qolish va evakuatsiya ko‘rsatmalariga amal qilishni buyurdi. Yamayka hukumati 27-oktabr kuni «Melisa» to‘foni sababli favqulodda holat e’lon qildi. Soatiga 280 km tezlikda esayotgan shamollar tufayli orolga 1851-yildan beri kuzatilgan eng kuchli to‘fon zarba berishi mumkin.
2026-yilda dunyo iqtisodiyotida Osiyo yetakchilik qiladi — XVJ

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda Osiyo dunyodagi eng yirik iqtisodiy mintaqaga aylanadi. Bunga Xitoy, Yaponiya va Hindistonning ulushi sabab bo‘ladi. Mintaqa jami YIM hajmi bo‘yicha ilk bor Shimoliy Amerikani ortda qoldirishi kutilmoqda. Uchinchi o‘rinda Yevropa, undan keyin Yaqin Sharq, Janubiy Amerika, Afrika va Okeaniya mintaqalari qayd etilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sanjar Karimov bermoqchi bo‘layotgan uy haqida munosabat bildirdi

Ma’lum bo‘lishicha, bloger 24-oktabr kuni 22-sonli «Mehribonlik» uyiga tashrif buyurib, Shayxontohur tumanidagi uyini bolalar uyi ehtiyojlari uchun tekin berish haqida ariza topshirgan. Ammo muassasa rahbari unga bu kabi uylar to‘liq davlat ta’minotida ekanini tushuntirgan.
Husanov «Suonsi Siti»ga qarshi o‘ynashi mumkin

Londonning «Arsenal» klubiga qarshi kechgan uchrashuvda safdan chiqqan O‘zbekiston milliy terma jamoasi va «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov bir oydan keyin jarohatdan qutulib, mashg‘ulotlarga qaytdi. Himoyachi 29-oktabr kuni Angliya Ligasi kubogi doirasida «Suonsi Siti»ga qarshi maydonga qaytishi mumkin. Bu Pep Gvardiola Husanovning holatini ko‘rib olishi uchun yaxshi imkoniyat.
Banklarda mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari qancha

28-oktabr holatiga ko‘ra, tijorat banklarida amal qilayotgan mikroqarz va avtokreditlarning so‘nggi 10 ish kuni bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Mazkur davrda mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 32,9 foizni tashkil qilmoqda. Avtomobil xaridi uchun ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha esa o‘rtacha foiz stavkasi 24,3 foizda saqlanib qoldi.
UzAuto Motors taqdim etadigan Damas Move modeli qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi mumkin

UzAuto Motors yangi Chevrolet Damas Move va Damas Max avtomobillari ishlab chiqarilishini ma’lum qildi. Autostrada nashrining yozishicha, bu versiyalar Wuling Hongguang V platformasiga asoslanishi mumkin.
Shomurodov Turkiya Superligasining tur ramziy jamoasidan joy oldi
O‘zbekiston terma jamoasi va «Istanbul Bashakshehir» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Turkiya Superligasining 10-tur ramziy jamoasida joy oldi. Shomurodov «Alaniyaspor»ga qarshi uchrashuvda dublni rasmiylashtirdi. SofaScore portali futbolchini 8,7 ball bilan baholadi.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara shartnomasini ma’qulladi

Mazkur shartnoma 2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda imzolangan. Hujjatga ko‘ra, uch davlat chegaralari tutashgan nuqtaning joylashuvi hamda bu nuqtadagi chegaralar chizig‘ining o‘tish tartibi aniq belgilandi.
Toshkentda issiqlik ta’minoti uchun yangi tariflar 12-noyabrdan joriy etiladi

Veolia Energy Tashkent kompaniyasi tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti uchun xizmatlar narxi 2025-yil 12-noyabrdan oshiriladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida xabar berdi.
29-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

29-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi. Shu kun uchun AQSh valyutasi 12 004,47 so‘m (-48,99 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 33 so‘mga tushib, 14 026,61 so‘mni, rubl esa 2,21 so‘mga tushib, 150,22 so‘mni tashkil qildi.
Bundan oldin 27-oktabrning muhim hodisalari e’lon qilingandi.