Turkiyada 6,1 balli zilzila sodir bo‘ldi

Turkiyaning g‘arbiy qismida, Balikesir viloyatining Sindirgi shahrida 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda NDTV ma’lum qildi.
Zilzila 28-oktabr kuni soat 22:48 da 6 kilometr chuqurlikda yuz bergan, Istanbul, Bursa, Manisa va Izmir viloyatlarida ham sezilgan. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, ayrim binolar shikastlangan, biroq halok bo‘lganlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Avgust oyida ham xuddi shu hududda shunday kuchli zilzila sodir bo‘lib, bir kishi halok bo‘lgan va o‘nlab odamlar jarohat olgan edi. So‘nggi oylar davomida Balikesir atrofida bir necha kichik silkinishlar qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Turkiya yirik tektonik uzilishlar ustida joylashgan mamlakat bo‘lgani sababli bu hududda zilzilalar tez-tez ro‘y beradi. 2023-yilda yuz bergan 7,8 magnitudali zilzila esa 53 mingdan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi zilzila O‘zbekistonning to‘qqizta hududida sezilgani haqida yozgan edik.