
UzAuto Motors yangi Chevrolet Damas Move va Damas Max avtomobillari ishlab chiqarilishini ma’lum qildi. Autostrada nashrining yozishicha, bu versiyalar Wuling Hongguang V platformasiga asoslanishi mumkin.
Zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni Xorazm viloyatida yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, yangi model ishlab chiqarilishi bilan birga avvalgi Damas versiyasi ham ishlab chiqarishda qoladi. Bu esa xaridorlarga klassik model va zamonaviy variant o‘rtasida tanlov imkonini beradi.
Damas Move va Damas Max modellaridan nimalarni kutish mumkin
Yangi avlod Damas kichik biznes va shaxsiy foydalanish ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Model o‘lchamlari kattalashgan, ichki qismi kengaytirilgan va qulaylik darajasi oshirilgan.

Chevrolet Damas’ning yangi versiyasi Wuling Hongguang V platformasiga asoslanishi mumkin. Bu model boshqa bozorlarda Chevrolet N400 yoki Tornado Van nomi bilan sotuvga chiqarilgan. Mazkur avtomobilni aslida Xitoyning Wuling Motors kompaniyasi ishlab chiqaradi. U SAIC-GM-Wuling (SGMW) qo‘shma korxonasining bir qismi hisoblanadi.
Texnik xususiyatlar
Prototip sifatida ko‘rilayotgan Chevrolet N400’da 1,2 litrli DOHC dvigatel (82 ot kuchi) va 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi mavjud.

Salonda sodda, ammo amaliy yechimlar qo‘llanilgan. Matodan ishlangan o‘rindiqlar, 14 dyuymli disklar, mexanik eshik oynalari va AM/FM radio tizimi. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar buklanadi, bu esa yuk joyini kengaytiradi. Shuningdek, ABS va EBD tizimlari ham standart sifatida o‘rnatilgan.
Narx va bozor istiqbollari
Chevrolet N400’ning Xitoydagi narxi $6,5 ming atrofida. O‘zbekistonda xususiy import orqali keltirilgan modellar $14 ming (180 mln so‘m) atrofida baholanmoqda. Bunday yuqori narx bojxona to‘lovlari, QQS va sertifikatlash xarajatlari bilan izohlanadi.

Biroq UzAuto Motors kompaniyasining soliq va bojxona imtiyozlari tufayli yangi Damas Move narxi $10 mingdan past bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Shunga qaramay, avtomobil sanoatidagi tajribalar shuni ko‘rsatadiki, yakuniy narx ko‘p hollarda import xarajatlari va lokalizatsiya jarayonlari sababli oshadi. Masalan, Asaka Motors tomonidan ishlab chiqarilayotgan Wuling N111 modeli Xitoyda $5,5 ming tursa-da, O‘zbekistonda $9,7 ming (126 mln so‘m) narxda sotilmoqda.
Autostrada yangi Damas 3’ning (Damas Move) bozordagi real narxi taxminan 150 mln so‘m ($12 ming) atrofida bo‘lishi mumkinligini yozgan.
Kursiv Uzbekistan nashri yangi modellarning texnik xususiyatlari va ularga oid aniq ma’lumotlar yuzasidan kompaniyaga so‘rov yubordi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors yangi Damas va Cobalt modifikatsiyalarini taqdim etishi haqida yozgan edi.