Yangiliklar

Yamayka 2025-yilning eng kuchli to‘foniga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Mamlakat «Melisa» to‘foni sabab favqulodda holatda
Yamayka 2025-yilning eng kuchli to‘foniga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Yamaykada yilning eng kuchli tabiiy ofati kutilmoqda. Hukumat aholiga uyda qolish va evakuatsiya ko‘rsatmalariga amal qilishni buyurdi. Yamayka hukumati 27-oktabr kuni «Melisa» to‘foni sababli favqulodda holat e’lon qildi.

Soatiga 280 km tezlikda esayotgan shamollar tufayli orolga 1851-yildan beri kuzatilgan eng kuchli to‘fon zarba berishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Melisa» 5-toifali to‘fon bo‘lib, markaziy bosimi past va shamol tezligi bo‘yicha hozircha dunyodagi eng kuchlisi hisoblanadi. To‘fon 28-oktabr, seshanba tongida Yamaykaning janubi-g‘arbiy qismiga urilishi kutilmoqda.

Poytaxt Kingston yaqinida xavfli kuchdagi shamollar allaqachon sezila boshlagan. Rasmiylarga ko‘ra, Yamaykada kamida 3 kishi halok bo‘lgan, Gaiti va Dominikan Respublikasida esa 4 nafar qurbon qayd etilgan.

Meteorologlar «Melisa»ning sekin harakatlanishi kuchli yomg‘irlarni keltirib chiqarishi, bu esa o‘limga olib keluvchi suv toshqinlari va ko‘chkilar xavfini oshirayotganini ta’kidladi. Ayrim hududlarda 4 kun ichida 100 sm gacha yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin.

«Har bir fuqaro to‘fonga tayyor bo‘lishi, uyda qolishi va evakuatsiya buyruqlarini bajarishi lozim. Bu to‘fonni yengamiz, ammo ehtiyotkorlik bizning eng muhim qurolimiz», – deb ogohlantirdi mamlakat bosh vaziri Endryu Holnes.

Yamaykada aholiga 881 ta boshpana ochilgan, ularga bepul kirish ta’minlanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiyada 5,8 magnitudali zilzila yuz bergani haqida xabar bergan edi.