Avto

Zeekr 7X elektromobili 6 yillik kafolat bilan taqdim etildi

Zeekr
Zeekr 7X elektromobili / Foto: Zeekr

Xitoyda Zeekr kompaniyasi tomonidan yangilangan Zeekr 7X elektromobili rasman taqdim etildi. Model uch xil versiyada sotuvga chiqadi, narxlar $32,3 mingdan boshlanadi.

Bazaviy versiya orqa g‘ildirakdan tortish tizimiga ega, 370 kVt quvvat ishlab chiqaradi. U 100 km/soat tezlikka 5,4 soniyada chiqadi. Uning yurish masofasi 620 km (CLTC). O‘rta komplektatsiya $35,1 ming turadi, 802 km masofani bosib o‘tadi va 5,1 soniyada tezlanadi.

Foto: Zeekr

Eng kuchli Ultra versiya $37,9 mingdan boshlanadi. 795 ot kuchi, to‘liq yurish tizimi, pnevmatik osma (balandligi 230 mm) va 100 km/soat tezlikka 2,98 soniyada chiqadi.

900 voltli yangi tizim tufayli batareyani 10 dan 80 foizgacha atigi 10 daqiqada quvvatlash mumkin. Avtomobil maksimal 255 km/soat tezlikda harakatlana oladi. Unda Qianli Haohan H7 haydovchiga yordam tizimi, 31 sensor, lidar va Nvidia Drive Thor-U protsessori mavjud.

Ichki qismda orqa o‘rindiqlar uchun isitish, massaj, issiq tosh terapiyasi, oyoq tayanchli kreslolar mavjud. Shuningdek, mini-xolodilnik (–6°C dan +50°C gacha), stolcha va orqa ekran o‘rnatilgan. Avtomatik eshiklar, quyoshdan himoya parda va 905 litrli bagaj joyi bor.

Foto: Zeekr

Zeekr 7X uchun 6 yil yoki 150 ming km kafolat taqdim etiladi. Xaridorlar eski avtomobilni topshirganda $1,4 ming chegirma hamda sovg‘a sifatida muzlatkich va yangi g‘ildirak disklarini olishadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Zeekr Tashkent Auto Show 2025’da 5 ta elektromobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.