2026-yildan ijtimoiy nafaqalar Ijtimoiy himoya jamg‘armasi orqali to‘lanadi

Shavkat Mirziyoyev 29-oktabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
«So‘nggi yillarda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 6,8 foizga, nafaqa oluvchilar 14 foizdan 6,1 foizga kamaydi», deyiladi taqdimotda. Shu bilan birga, fuqarolarning daromadsiz qolishining oldini olish masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Xususiy sektorda ishlovchilarga homiladorlik, kasallik yoki ishdan bo‘shash bo‘yicha nafaqalar to‘lash tizimi yetarlicha ishlamayotgani qayd etildi. Ish beruvchilar bu to‘lovlarni ortiqcha yuk deb bilayotgani sabab tizim jozibador emas.
Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalariga muvofiq, bunday nafaqalar ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari orqali to‘lanadi. Shu bois 2026-yildan homiladorlik, yil ikkinchi yarmidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi.
Prezident ayollar va ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, tizimni raqamlashtirish va nafaqalarni avtomatik tarzda tayinlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev geologiya tizimini rivojlantirish va sohada ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish masalalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi.