Kim bo‘lishing muhim emas, malakangni isbotla: 2027-yildan yangi tizim joriy etiladi

O‘zbekistonda 2027-yildan bosqichma-bosqich ishga qabul qilishda malaka sertifikati talab etiladigan yangi tizim joriy qilinadi. Bu borada prezident farmoni qabul qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan Namangan, Samarqand va Toshkent shaharlarida turizm, kosmetologiya va umumiy ovqatlanish sohalarida; 2027-yil 1-iyundan esa qurilish sohasida malaka sertifikatiga ega bo‘lgan xodimlargina ishga qabul qilinadi. 2028-yildan boshlab bu tizim butun respublika bo‘yicha tatbiq etiladi.
Shuningdek, norasmiy ta’lim yoki amaliy tajriba orqali olingan ko‘nikmalar ham malakani baholash markazlari tomonidan tan olinadi.
Mazkur tizim kasbiy malaka talablarini aniq belgilash, ta’lim sifatini oshirish va malakali mutaxassislar ulushini ko‘paytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yangi Kasbiy ta’lim agentligi tuzilgani haqida xabar bergan edik.