
28-oktabr kuni Amazon taxminan 14 ming korporativ xodimni ishdan bo‘shatishini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, qisqartirishlar sun’iy intellektni keng joriy etish bilan bog‘liq yirik restrukturizatsiya jarayonining bir qismidir. Kompaniya bu chora orqali byurokratik bosqichlarni kamaytirib, eng istiqbolli yo‘nalishlarga sarmoya kiritmoqchi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Amazon pandemiya davridagi ortiqcha ishchilar sonini muvozanatlashtirish maqsadida 30 mingtagacha lavozimni qisqartirishni rejalashtirgan edi. 2024-yil oxiriga kelib, kompaniya 1,56 milliondan ortiq xodimga ega bo‘lgan, ulardan 350 ming nafari korporativ sohada ishlaydi.
Amazon so‘nggi ikki yil ichida kitob nashriyoti va podkast (Wondery) bo‘linmalarida ham bosqichma-bosqich qisqartirishlar o‘tkazgan.
«Bu o‘zgarishlar jamoalar ishini tezlashtiradi, biz esa ayrim sohalarda shtatni qisqartirib, boshqalarida yangi ish o‘rinlarini yaratishda davom etamiz«, – deya ta’kidladi Kadrlar va texnologiyalar bo‘yicha vitse-prezident Bet Galetti.
Kompaniya ishdan bo‘shatiladigan xodimlarga 90 kun davomida ichki bo‘sh ish o‘rinlariga joylashish imkoniyatini beradi. Amazon bu yil kapital xarajatlari uchun $118 mlrd sarflashni rejalashtirgan, mablag‘ning katta qismi sun’iy intellekt va bulutli infratuzilmaga yo‘naltiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Amazon serverlaridagi nosozlik sababli dunyo bo‘ylab ko‘plab saytlar ishdan chiqqani haqida xabar bergan edi.