
Associated Press nashrining yozishicha, AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi xodimi, 50 yoshli Edvin Lopes 2024-yil aprelida Venesuela rahbarining uchuvchisini yollashga urinib ko‘rgan. Maqsad Maduroni AQSh nazoratidagi hududga olib kelish edi.
O‘sha paytda Lopes Dominikana Respublikasidagi AQSh elchixonasida attashe lavozimida ishlagan. Axborotchi unga prezident foydalanadigan ikkita hashamatli samolyot Dassault Falcon 2000EX va Dassault Falcon 900YeX Santo-Domingoda ta’mirlanayotganini yetkazgan. Uchuvchilar orasida Maduroning shaxsiy uchuvchisi, general Bitner Vilegas ham bor edi.
Amerikalik agentlar uchuvchilar bilan suhbat o‘tkazib, oxirida Vilegasga katta mukofot evaziga Maduroni Dominikana, Puerto-Riko yoki Guantanamo ko‘rfazidagi harbiy bazalardan biriga olib kelishni taklif qilishgan. Uchuvchi aniq javob bermagan, biroq aloqa uchun raqamini qoldirgan.
Keyinchalik Lopes 16 oy davomida Vilegas bilan yozishmalarni davom ettirib, uni reja tomon og‘dirishga harakat qilgan. Hatto 2025-yil yozida nafaqaga chiqqanidan keyin ham uchuvchi bilan muloqotni uzmagan. Iyul oyida AQSh hukumati Maduroni hibsga olishga yordam berganlarga 50 million dollarlik mukofot e’lon qilgach, Lopes bu haqda ham Vilegasni xabardor qilgan. Ammo general oxir-oqibat yozishmalarga javob berishni to‘xtatgan.
Reja amalga oshmay, oradan oylar o‘tib, kutilmagan voqea yuz berdi. 2025-yil 19-sentabr kuni Tramp ma’muriyatining sobiq amaldori Marshal Billingsli ijtimoiy tarmoqlarda Vilegasni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, Lopes bilan uchrashuvi paytida olingan suratni joylashtirdi.
Qizig‘i, bu post Maduroning samolyoti Karakasdan uchganidan bir daqiqa o‘tmay e’lon qilingan. 20 daqiqa o‘tib, samolyot kutilmaganda aeroportga qaytgan. Bu hodisa Venesuelada katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ayrimlar Vilegas so‘roqqa chaqirilganini, boshqalar esa u hibsga olingan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Bir necha kundan keyin general davlat telekanalida venesuelalik uchuvchilarning sadoqati haqida efirda gapirgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Venesuelalik Nobel mukofoti sovrindori Trampdan yordam so‘ragani haqida xabar bergan edi.