
«UzAuto Motors» AJ 2025-yil 3-noyabr kuni soat 10:00 dan boshlab Chevrolet Cobalt avtomobili uchun onlayn shartnoma jarayonini ishga tushiradi. Bu haqda kompaniya ma’lum qildi.
Shu sanadan boshlab Chevrolet Cobalt’ning yangi versiyalari savdoga chiqadi. Yangi komplektatsiyalarning ko‘rgazma namunalari allaqachon mamlakatdagi dilerlik markazlariga yetkazib berilgan, mijozlar ularni joyida ko‘rib, tanlov qilishlari mumkin.

Kompaniya Cobalt modeliga bo‘lgan yuqori talab va mijozlardan kelayotgan ko‘plab so‘rovlarni inobatga olib, ortiqcha ajiotajning oldini olish maqsadida kontraktatsiyani to‘liq onlayn formatda o‘tkazishga qaror qilgan. Shartnoma tuzish uzavtosavdo.uz sayti yoki UzAvtoSavdo mobil ilovasi (iOS/Android) orqali amalga oshiriladi.
3-noyabr kuni barcha Chevrolet dilerlik markazlari vaqtincha yopiladi va UzAuto Motors savdo tizimidan uziladi. Barcha savdolar faqat onlayn tarzda yuritiladi.

Onlayn tuzilgan shartnomalarda maxsus QR-kod bo‘ladi. U hujjatning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Kompaniya mijozlardan QR-kodsiz shartnomalarga ishonmaslikni so‘rab, bunday holatlar uchun UzAuto Motors va Chevrolet rasmiy dilerlari javobgar emasligini eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri UzAuto Motors taqdim etadigan Damas Move modeli qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi. Shuningdek, UzAuto Motors yangi Damas va Cobalt modifikatsiyalarini taqdim etishi haqida xabar bergan edik.