Yangiliklar

Ilon Mask SIga asoslangan Grokipedia saytini ishga tushirdi

Wikipedia’ga raqib sifatida
Ilon Mask SIga asoslangan Grokipedia saytini ishga tushirdi / Foto: Times of India

Ilon Mask Wikipedia’ning o‘z versiyasi – Grokipedia platformasini ishga tushirdi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

Sayt Maskning Grok sun’iy intellekti yordamida ishlaydi va Wikipedia’ning soddaligi hamda sahifa tuzilishini takrorlaydi, biroq hozircha unda atigi 800 ming maqola mavjud (Wikipedia’da 7 mlndan ortiq).

Maskning aytishicha, Grokipedia «butun haqiqatni yoritish» maqsadida yaratilgan. U hatto saytdan nusxalarini kelajak avlodlar uchun Oy va Mars orbitasiga yuborishni rejalashtirmoqda.

Foto: Yuga Tech

Grokipedia hozircha inson tahriri darajasi noma’lum bo‘lgan yopiq tizimda ishlaydi. Foydalanuvchilar xatoliklarni faqat fikr bildirish shaklida yubora oladi.

Ko‘plab foydalanuvchilar Grokipedia va Wikipedia o‘rtasida sezilarli farqlarni payqashgan. Masalan, Wikipedia Ilon Maskni «bahsli shaxs» deb ta’riflasa, Grokipedia uni «texnologik taraqqiyotga ta’sir ko‘rsatgan» inson sifatida tasvirlaydi.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, Grokipedia doimiy yangilanib boradi: «Grok yaxshilangan sari, Grokipedia ham takomillashadi», – dedi u ijtimoiy tarmog‘i X’da.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask $1 trlnlik maosh rejasi tasdiqlanmasa, Tesla’ni tark etishi mumkinligi haqida yozgan edik.