
«Inter» klubi darvozaboni Xosep Martines 28-oktabr kuni Komo shahrida mashinada ketayotganda yo‘lda elektr aravachada harakatlanayotgan 81 yoshli erkakni urib yuborgan. Bu haqda ESPN nashri ma’lum qildi.
Politsiya xabariga ko‘ra, Martines darhol to‘xtab, tez yordam xizmatlarini chaqirgan. Voqea joyiga bir necha daqiqa ichida tez yordam mashinasi va vertolyot yetib kelgan, ammo tibbiyot xodimlari erkakning hayotini saqlab qola olmagan. Martinesning o‘zi jarohat olmagan, biroq ruhiy zarbaga uchragani aytilmoqda.
Futbolchi qon tahlillari, spirtli ichimlik yoki giyohvand moddalar mavjudligini aniqlash uchun shifoxonada majburiy tekshiruvdan o‘tkazilgan. Politsiya hodisa joyidagi shinalar izlarini o‘rganib, to‘qnashuv paytidagi tormoz masofasi va tezlikni aniqlash uchun tergov boshlagan.
«Inter» bosh murabbiyi Kristian Kivu o‘sha kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan matbuot anjumanini bekor qildi. Jamoa «Fiorentina»ga qarshi A Seriya uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Inter»ning uy stadioni San-Siro buzilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.