Kechga nima ovqat: qaynatma sho‘rva qanday tayyorlanadi

29-oktabr 2025 16:23 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Kechga nima ovqat: qaynatma sho‘rva qanday tayyorlanadi
Kechga nima ovqat: qaynatma sho‘rva qanday tayyorlanadi. Foto: zira.uz

Kuz kechalarida biroz mazasi bo‘lmayotgan yoki ko‘ngli nimani xohlayotganini bilmaydiganlar uchun qaynatma sho‘rva eng yaxshi tanlovlardan biri. Taomdagi qaynatma nomi barcha masalliqlar birgalikda sekin olovda uzoq vaqt davomida qaynatilishi sabab shunday atalgan. Natijada esa go‘sht yumshoq, sabzavotlar esa mazali va xushbo‘y bo‘ladi. Kursiv Uzbekistan bugungi kechki ovqatga kuz va qish mavsumida organizmni isitib, immunitetni mustahkamlaydigan ushbu sho‘rvani tayyorlashda yordamlashadi.

Masalliqlar (4-5 kishi uchun)Miqdori
Mol go‘shti (yoki qo‘y go‘shti)500 g
Kartoshka4 dona
Sabzi2 dona
Piyoz2 dona
Pomidor (yoki tomat pastasi)2 dona yoki 1 osh qoshiq
Sarimsoq3–4 bo‘lak
Tuzta’bga ko‘ra
Qora murch, zirata’bga ko‘ra
Bulg‘or qalampirita’bga ko‘ra, har xil rangidan
Suv2–2,5 litr
Yashil ko‘katlar (petrushka, ukrop)bezash uchun

Tayyorlash bosqichlari: go‘shtni qaynatish

Go‘shtni yaxshilab yuvib, o‘rtacha kattalikda bo‘laklarga bo‘ling. So‘ng qaynab turgan suvga solib, ustidagi ko‘pigini olib tashlang. Keyin past olovda bir yoki bir yarim soat davomida qaynatiladi — shu jarayonda go‘sht yumshaydi va sho‘rvaning asosi pishadi.

Sabzavotlarni tozalash va to‘g‘rash

Kartoshka, sabzi va piyozni tozalang. Sabzini uzuncha, kartoshkani yirik bo‘laklarda, piyozni esa yarim halqa shaklida to‘g‘rang.

Sabzavotlar va ziravorlarni qo‘shish

Go‘sht pishib yumshagach, unga sabzavotlar qo‘shiladi. Sabzi, piyoz, kartoshka va sarimsoq (butunligicha) solinadi. Shuningdek, bo‘laklarga bo‘lingan pomidor (yoki tomat pastasi) va bulg‘or qalampiri ham qo‘shiladi. Bu bosqichda taomning asosiy hidi va ta’mi shakllana boshlaydi. Sho‘rvaga ta’bga ko‘ra lavr yaprog‘i, zira, kashnich urug‘i, tuz va ozgina qora murch solish mumkin.

Qaynatish

Barcha masalliqlar solingach, sho‘rva yana past olovda 30–40 daqiqa davomida qaynatiladi. Sabzavotlar yumshab, go‘sht suyakdan osongina ajrala boshlaganda taom tayyor bo‘ladi. Sho‘rva tayyor bo‘lgach, uni tatib ko‘rish kerak — agar kerak bo‘lsa, biroz tuz yoki murch qo‘shish mumkin.

Bezatish va dasturxonga tortish

Sho‘rvani idishlarga solib, ustidan mayda to‘g‘ralgan ko‘katlar bilan bezang. Taomni non bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan italyancha spagettining tayyorlanish jarayoni haqida ma’lumot bergandi.

Shuningdek