Markaziy bank rahbarining sobiq o‘rinbosari Namangan shahriga hokim bo‘ldi

Namangan shahriga yangi hokim etib Ayubxon Kamalov tayinlandi. Bu haqda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirokida o‘tkazilgan xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Deputatlar viloyat hokimining Kamolovni shahar hokimi lavozimiga tayinlash haqidagi qarorini bir ovozdan ma’qulladi.
Ayubxon Kamolov 2020-yil dekabridan O‘zbekiston Markaziy banki raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan. U sobiq hokim Anvar Otaxo‘jayevning o‘rnini egalladi.
Eslatib o‘tamiz, Otaxo‘jayev $60 ming miqdorida pora olayotganda qo‘lga olingan edi. Shu pullar evaziga u tadbirkorga eski uylar o‘rnida yangi bino qurish huquqini va’da qilgan.
Avvalroq Markaziy bank rahbariyati tarkibida ham bir qator o‘zgarishlar yuz bergandi. Unga ko‘ra, Nodirbek Achilov va Sanjar Nosirov Markaziy bank raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.