Yangiliklar

Mirziyoyev kelasi hafta Vashingtonda Tramp bilan uchrashadi — AQSh davlat kotibi o‘rinbosari

Uchrashuv 6-noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan
Mirziyoyev kelasi hafta Vashingtonda Tramp bilan uchrashadi — Kristofer Landau / Foto: Reuters / Al Drago

Shavkat Mirziyoyev kelasi hafta Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Bu haqda AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston rahbarining tashrifi yetakchilar o‘rtasidagi samarali uchrashuvga zamin yaratadi. Bu haqda Landau O‘zbekiston rasmiylari bilan muzokaralardan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.

Reuters agentligining manbasiga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp Markaziy Osiyoning besh davlati – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari bilan sammit o‘tkazadi. Uchrashuv 6-noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev sammitda ishtirok etishini allaqachon tasdiqlagan va Trampga taklif uchun minnatdorlik bildirgan.

Reuters’ning ta’kidlashicha, uchrashuv AQShning an’anaviy tarzda Rossiya ta’sir doirasida bo‘lgan mintaqalar bilan aloqalarini faollashtirayotgan bir paytda o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Mirziyoyevga maxsus kepka sovg‘a qilgan edi.