Nvidia dunyodagi ilk $5 trillionlik kompaniyaga aylandi

Sun’iy intellekt chiplariga bo‘lgan mislsiz talab Nvidia’ni tarixdagi eng qimmat kompaniyaga aylantirdi. Kompaniya qiymati $5 trlndan oshib, rekord yangiladi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.
Bu marraga Nvidia atigi uch oy avval 4 trillionlik darajani zabt etganidan keyin yetdi.
2025-yilda Nvidia aksiyalari 50 foizga oshgan. Kompaniya o‘sishiga AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasidagi muzokaralardan kutilayotgan natijalar ham turtki bo‘ldi. Ular Xitoy bozorini Nvidia’ning ilg‘or AI chiplariga ochishi mumkin.
Bosh direktor Jensen Xuang Vashingtondagi GTC AI konferensiyasida Nvidia chiplari kelajakda telefon minoralaridan tortib, o‘zini boshqaruvchi avtomobillargacha keng qo‘llanishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Nvidia yaqinda OpenAI bilan yirik hamkorlikni boshladi – ChatGPT yaratuvchisi milliardlab dollarlik chiplar sotib oladi. Nvidia esa $100 mlrdlik sarmoya kiritadi. Kompaniya, shuningdek, Intel’ga $5 mlrd investitsiya kiritishini ham e’lon qildi.
Mutaxassislar esa AI bozoridagi tez o‘sish va sarmoyalarning qaytimi borasidagi noaniqliklar sabab «sun’iy intellekt pufagi» xavfini ham eslatmoqda. Shunga qaramay, Nvidia chorak yakunida $26 mlrdlik sof foyda ko‘rdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nvidia va AMD Xitoy chip savdosidan 15% daromadni AQShga berishi haqida xabar bergan edik.