Prezident UNESCO Bosh konferensiyasi ochilishida ishtirok etadi

30-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha BMTning UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida qatnashadi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu safar konferensiya 40 yildan so‘ng ilk bor UNESCOning Parijdagi qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda. Forumning Samarqandda bo‘lib o‘tishi O‘zbekistonning tinchlik, o‘zaro anglashuv va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi sa’y-harakatlarini namoyon etadi.
Sessiya doirasida ta’lim, fan, madaniyat, ekologiya, texnologiya va kommunikatsiya sohalarida 150 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tadbirda 200 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlardan delegatsiyalar, jumladan, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya prezidenti Peter Pellegrini va UNESCO Bosh direktori Odri Azule ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1993-yilda UNESCOga a’zo bo‘lgan. 1996-yilda Toshkentda tashkilot vakolatxonasi ochilgan. Bu hamkorlik mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.