
Sirdaryo tumanidagi advokatlik byurosi advokati o‘z xizmat mavqeyini suiiste’mol qilgani uchun qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, advokat tergov hibsxonasida saqlanayotgan gumonlanuvchini boshqa joyga o‘tkazish va sudda ishni uning foydasiga hal qilish evaziga $5,5 ming talab etgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokat $4,5 ming va 6 mln so‘m olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ta’kidlash joizki, ushbu advokat gumonlanuvchining huquqlarini himoya qilish uchun davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida jalb qilingan edi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda xorijga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar ushlangan edi.