
Tokioda sobiq Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abeni o‘ldirishda ayblanayotgan 45 yoshli Tetsuya Yamagami sudda aybini tan oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Mahalliy OAVning yozishicha, u sud zalida hammasi haqiqat ekanligini aytgan. Yamagami 2022-yil iyulda Nara shahrida bo‘lib o‘tgan saylovoldi tadbirida Abeni qo‘lda yasagan qurol bilan otgan edi. O‘sha paytda Yaponiyaning eng uzoq muddat bosh vaziri bo‘lgan Abe voqea joyida bir necha marta yaralanib, kasalxonada vafot etgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yamagami siyosatchini «Birlashtiruvchi cherkov» deb ataluvchi diniy tashkilot bilan aloqalari uchun nishonga olgan. U Abe cherkovni targ‘ib qilgan deb hisoblagan. Yamagamining so‘zlariga ko‘ra, onasi ushbu cherkovga taxminan 100 mln iyen (taxminan $660 ming) miqdorida xayriya qilgan va bu butun oilani moliyaviy inqirozga olib kelgan.
Suiqasddan so‘ng Yaponiya hukumati «Birlashtiruvchi cherkov» faoliyatini keng qamrovli tekshiruvga oldi. Tekshiruvlar natijasida to‘rt nafar vazir iste’foga chiqdi. 2025-yil mart oyida Tokio sudi cherkovni tarqatish, soliq imtiyozlaridan mahrum etish va uning mol-mulkini likvidatsiya qilish haqida qaror chiqardi.
Shunga qaramay, Yamagamining onasi hanuz cherkov tarafdori bo‘lib qolganini aytgan. U Yaponiya matbuotiga bergan intervyusida o‘g‘limning qilmishi mening e’tiqodimni yanada mustahkamladi, degan.
Sud jarayoni yanvar oyigacha davom etishi kutilmoqda. Yamagami qurol ishlatish to‘g‘risidagi qonunni buzmaganini aytib, ayblovning ayrim bandlarini rad etmoqda. Himoyachisining so‘zlariga ko‘ra, u foydalangan qo‘lda yasagan qurol qonun doirasiga kirmaydi.
Avvalroq kursiv Uzbekistan Sanae Takaichi Yaponiyaning birinchi ayol bosh vaziri bo‘lgani haqida xabar bergan edi.