
Ko‘pchilik bu model haqida eshitmagan, lekin Tecno Pova 7 Pro Nothing Phone’ga arzigulik alternativ bo‘lishi mumkin. Kursiv Uzbekistan Palach nashriga tayanib, ushbu smartfon haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni to‘pladi.
Dizayn: «shaffof» illyuziya va LED effektlar
Tecno muhandislari Nothing Phone’dan ilhomlangan. Qurilmaning orqa paneli shaffof ko‘rinishdagi dizayn va LED-yoritish tizimi bilan jihozlangan. Yorug‘lik kameralar atrofida aylana shaklda joylashgan bo‘lib, u xabar indikatori, taymer vizualizatori yoki zaryadlanish holatini ko‘rsatkich sifatida ishlaydi. Istasa, foydalanuvchi bu funksiyani butunlay o‘chirib qo‘yishi ham mumkin.

Displey: yuqori aniqlik va silliq tasvir
Smartfon 6,78 dyuymli AMOLED ekran bilan jihozlangan. Uning asosiy afzalliklari:
- 1,5K aniqlik (2700×1220 piksel)
- 144 Hz yangilanish chastotasi
- 1600 nit yorqinlik
Natijada tasvir tiniq, ranglar jonli va ko‘zga yoqimli. O‘yin o‘ynashda yoki TikTok tomosha qilishda ekran o‘z sinfida eng yaxshilaridan biri.

Ishlash tezligi: o‘yinlar uchun yetarli quvvat
Modelga MediaTek Dimensity 7300 Ultimate protsessori o‘rnatilgan. U energiya tejamkor bo‘lishi bilan birga, grafik jihatdan murakkab o‘yinlarni o‘rta sozlamalarda bemalol ishlatadi. Telefon tez harakat qiladi, qizib ketmaydi va interfeys ham juda silliq.
Batareya va zaryadlash
6000 mA/soatli akkumulyator kun davomida faol ishlatish uchun yetarli. 45 Vt tez zaryad — to‘liq quvvatlashga taxminan 1 soat kifoya. 30 Vt simsiz zaryadlash ham qo‘llab-quvvatlanadi — bu segmentda kam uchraydigan afzallik.

Kamera va ovoz
Smartfon orqa panelda 64 + 8 MP asosiy kamera duetiga ega. Old tomonda esa 13 MP selfi kamera joylashgan. Surat sifati kundalik foydalanish uchun yetarlicha yaxshi. Bundan tashqari, stereo dinamiklar ovoz sifatini sezilarli yaxshilaydi.
O‘zbekistondagi sotuv
Kursiv Uzbekistan bir qancha smartfonlar sotuvi bilan shug‘illanadigan tadbirkorlardan ushbu smartfon sotuvi haqida so‘radi. Ularning aytishicha dekabr oyida mamlakatdagi rasmiy sotuv nuqtalarida ushbu smartfon paydo bo‘lishi mumkin. Tecno Pova 7 Pro smartfoning O‘zbekistondagi narxi $250 – $300 atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tecno Pova Slim va Spark Slim smartfonlari taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.