Yangiliklar

Yashil iqlim jamg‘armasi Markaziy Osiyo uchun 250 million dollar ajratdi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan boshqariladigan «Muzliklardan fermer xo‘jaliklarigacha» dasturiga
Tog‘
Yashil iqlim jamg‘armasi Markaziy Osiyo uchun 250 million dollar ajratdi. Foto: OTB

Yashil iqlim jamg‘armasi Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan boshqariladigan «Muzliklardan fermer xo‘jaliklarigacha» dasturiga $250 million ajratdi.

Ushbu dastur Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Pokistonda muzliklar bilan oziqlanadigan hududlarda yashovchi aholining iqlim o‘zgarishiga moslashish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Dastur doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston hududlarida suvni tejash, samarali sug‘orish tizimlarini yaratish hamda suv havzalarini boshqarish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi. Maqsad — muzliklarning tez erishi sababli yuzaga kelayotgan suv tanqisligi, qurg‘oqchilik va toshqinlar xavfini kamaytirishdan iborat.

Shu bilan birga, ushbu dastur muzliklar bilan oziqlanadigan va taxminan 27 million gektar maydonni egallaydigan to‘rtta daryo havzasiga – Markaziy Osiyodagi Norin va Panj, Janubiy Kavkazdagi Kura va Pokistondagi Svat daryolariga qaratiladi. Bu orqali mintaqadagi 13 millionga yaqin aholiga foyda keltiradi. Shu orqali mintaqada, jumladan O‘zbekistonda, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini va aholining hayot sifatini yaxshilash rejalashtirilgan.

Avvalroq OTB Oʻzbekistonda STEM ta’limini rivojlantirish uchun $100 mln ajratishi xabar qilingandi. Loyiha Oʻzbekiston yoshlarini zamonaviy innovatsion koʻnikmalar bilan ta’minlashga, mamlakatni 2030-yilga borib daromadi oʻrtachadan yuqori davlatlar qatoriga kiritishga qaratilgan.