2026-yildan xususiy sektordagi ayollarga ham «dekret» pulini davlat to‘laydi

2026-yil 1-yanvardan boshlab xususiy sektorda ishlaydigan ayollar ham ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan nafaqa olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansur Olloyorovning so‘zlariga ko‘ra, endilikda xususiy sektordagi homilador ayollarning tug‘uruq ta’tili va kasallik varaqalari bo‘yicha to‘lovlari davlat tomonidan amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, nafaqa miqdori xodimning ish staji, daromad solig‘i va tadbirkor tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq miqdoriga qarab belgilanadi. Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan kasal bo‘lgan yoki tug‘uruq ta’tiliga chiqqan xususiy sektor xodimlari ham budjet tashkilotlaridagilar kabi daromadlarini saqlab qolish imkoniga ega bo‘ladi. Bu tizim tadbirkorlarni ishchilarni rasman band qilishga rag‘batlantirishni maqsad qiladi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov bu qaror bilan so‘nggi 15 yil davomida mavjud bo‘lgan adolatsizlik bartaraf etilganini qayd etgan.
«2010-yilda budjet xarajatlarini tejash vaji bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tili bilan bog‘liq nafaqalar ish beruvchilar zimmasiga yuklangan edi. Ya’ni homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash bilan bog‘liq to‘lovlar faqat budjet tashkilotlarda ishlaydigan ayollarga budjet hisobidan to‘lab kelingan. Faqat 2022-yil 1-sentabridan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan cheklangan miqdorda to‘lab berilishi (minimal iste’mol xarajatlarining 4 baravari miqdorida) yo‘lga qo‘yilgan. Xususiy sektorda «dekret» pullari muammosi nafaqat ijtimoiy diskriminatsiya va adolatsiz bosimlar, balki o‘n minglab ayol-qizlarni norasmiy sektorda qolishlari yoki mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmaslik sabablariga aylanib qolgan edi», – deydi u.
Shuningdek, iqtisodchi yangi o‘zgarishni ijtimoiy davlat tamoyillariga qaytish, ayollar mehnatini teng himoya qilish sari muhim qadamlardan biri sifatida baholamoqda.
Avvalroq davlat rahbari mutasaddilarga ayollar va ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, rasmiy bandlikni rag‘batlantirish, tizimni raqamlashtirish va nafaqalarni avtomatik tarzda tayinlash bo‘yicha topshiriqlar bergandi.