
Indoneziya hukumati Jakarta provinsiyasida qariyb 700 nafar o‘quvchi bepul maktab ovqatidan zaharlangani yuzasidan tergov boshladi. Reuters’ning ma’lum qilishicha, bolalar prezident Prabovo Subianto tashabbusi bilan joriy etilgan bepul ovqatlanish dasturi doirasida tayyorlangan taomlardan kasallangan.
Mazkur dastur 2025-yil yanvar oyida ishga tushirilgan va Prabovoning saylovoldi va’dalaridan biri hisoblanadi. 29-oktabr holatiga ko‘ra 15 mingdan ortiq bolalar turli hududlarda ovqatdan zaharlangan.
Milliy oziq-ovqat agentligi rahbari Dadan Xindayananing ma’lum qilishicha, zaharlanish holatlari aniqlangan Gunungkidul tumanida oshxonalar vaqtincha yopilgan va tekshiruv olib borilmoqda. Unga ko‘ra, muammolar asosan ovqatni noto‘g‘ri saqlash va yetkazib berishdagi kechikishlar bilan bog‘liq.
Mamlakat bo‘ylab 11 ming oshxona faoliyat yuritmoqda. Dastur yil oxirigacha 70 million aholiga bepul ovqat yetkazishni rejalashtirgan, bu esa dastlabki 83 millionlik rejalardan kamroq. Hukumat 2025-yil uchun dasturga 171 trillion rupiy ( $10,3 mlrd) ajratgan.
Shuningdek, prezident Prabovo 22-oktabr kuni sog‘liqni saqlash vaziri va oziq-ovqat agentligi rahbaridan iborat maxsus nazorat guruhini tuzdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Forish tumanidagi davlat bog‘chalarida 37 nafar bola ovqatdan zaharlangani haqida xabar bergan edi.