Lifestyle

Kechga nima ovqat: dimlama qanday tayyorlanadi

Kursiv Uzbekistan bugungi kechki ovqatga dimlama tayyorlashda yordamlashadi
Kechga nima ovqat: dimlama qanday tayyorlanadi
Kechga nima ovqat: dimlama qanday tayyorlanadi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Dimlama Markaziy Osiyo oshxonasining eng sevimli taomlaridan biri bo‘lib, unda sabzavotlar va go‘sht o‘z suvida pishadi. Shuning uchun bu taom tabiiy lazzatni saqlaydi, foydali va to‘yimli bo‘lib chiqadi. Shuningdek, mazkur ovqat o‘zbek oshxonalarida har xil usulda va har xil sabzavotlar bilan tayyorlanadi. Ayrimlar unga makkajo‘xori, yana boshqalar esa qiyma solingan bulg‘or qalampirini ham soladi. Kursiv Uzbekistan bugungi kechki ovqatga dimlama tayyorlashning eng oddiy usulini taqdim etadi.

MasalliqlarMiqdori
Mol yoki qo‘y go‘shti600 g
Kartoshka5 dona
Sabzi2 dona
Piyoz2 dona
Karam300 g
Pomidor3 dona
Bulg‘or qalampiri2 dona
Sarimsoq1 bosh
O‘simlik yog‘i2–3 osh qoshiq
TuzTa’bga ko‘ra
Qora murch, ziraTa’bga ko‘ra
Lavr yaprog‘i2 dona
Ko‘katlar (ukrop, kashnich)Bezash uchun

Tayyorlash bosqichlari

Dimlama tayyorlash uchun avvalo go‘shtni yuvib, yirik bo‘laklarga bo‘ling. Qozonning tagiga ozgina yog‘ soling. Bu go‘sht pastga yopishib qolmasligi uchun kerak. Shundan so‘ng go‘shtni birinchi qatlam qilib joylang. Ta’bga ko‘ra yog‘ o‘rniga qo‘y dumba yog‘idan ham foydalanish mumkin. Uni yupqa kesib, qozon tagiga birinchi qavat qilib terasiz.

Sabzavotlarni ketma-ket joylashtirish

Go‘sht ustiga halqa shaklida to‘g‘ralgan piyozni, undan keyin uzunchoq sabzi bo‘laklarini, so‘ngra kartoshkani joylashtiring. Kartoshka ustiga bo‘laklab olingan karam, bulg‘or qalampiri va pomidorlar solinadi. Har bir qatlam orasiga ozgina tuz, qora murch, zira va lavr yaprog‘i solinadi.

Oxirida butun sarimsoq boshi qo‘shiladi va qozon qopqog‘i zich yopiladi. Agar sabzavotlardan chiqqan suv kam bo‘lishidan xavotirda bo‘lsangiz, 100–150 ml iliq suv quying. Qozon qaynab boshlagandan so‘ng past olovda 1,5-2 soat davomida pishiring. Shu vaqt ichida sabzavotlar yumshaydi, go‘sht suyakdan ajraladi va barcha lazzatlar bir-biriga singadi.

Bezatish va dasturxonga tortish

Pishganidan so‘ng dimlamani aralashtirmasdan, ehtiyotlik bilan idishlarga soling. Ustidan mayda to‘g‘ralgan kashnich yoki ukrop sepilsa, yanada xushbo‘y bo‘ladi.

Dimlama kechki ovqat uchun juda mos, chunki u to‘yimli, ammo og‘ir emas. Uni non va oddiy salat bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qaynatma sho‘rvaning tayyorlanish jarayoni haqida ma’lumot bergandi.