
29-oktabr kuni kechqurun Parij va uning atrofida Luvr muzeyidagi o‘g‘irlik ishi bo‘yicha besh kishi qo‘lga olindi. Ularning biri «Commando du Louvre» deb atalgan guruh a’zosi bo‘lishi hamda jinoyat sodir etilgan paytda muzeyda bo‘lgani gumon qilinmoqda.
Parij prokurori Lor Bekko ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shaxs tergovchilarning asosiy nishonida bo‘lgan va jinoyat joyida topilgan DNK namunasi u bilan bog‘liq. Qolgan to‘rt kishi esa voqea tafsilotlarini aniqlashga yordam berishi mumkin.
Xabarga ko‘ra, o‘g‘irlangan sakkizta qirollik zargarlik buyumlari hali ham topilmagan. Prokuror ta’kidlashicha, tergov davom etmoqda va yangi dalillar aniqlanmoqda.
Avvalroq Luvrda o‘g‘irlangan taqinchoqlar ishi bo‘yicha ikki kishi hibsga olingani xabar qilingandi. France Inter ma’lumotiga ko‘ra, erkaklar Parij shimolidagi ijtimoiy jihatdan og‘ir ahvoldagi Sena-Sen-Deni hududida yashagan va ilgari ham jinoyat uchun sudlangan.