Avto

Nissan Frontier Pro pikapi oldindan buyurtmaga chiqdi

Avtomobilda BorgWarner Mlock 4x4 tizimi va ZF 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi ishlatiladi
Nissan
Nissan Frontier Pro pikapi / Foto: Nissan

Zhengzhou Nissan kompaniyasi tomonidan Nissan Frontier Pro pikapi uchun oldindan buyurtmalar ochildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Yangi model 176 900 – 249 900 yuan oralig‘ida (ya’ni $24,8 ming – $35 ming) baholangan oltita versiyada taqdim etildi. Bu Nissanning Xitoyda ishlab chiqilgan va butunlay shu yerda yig‘ilgan ilk global modeli bo‘lib, u benzin, dizel va gibrid (PHEV) variantlarda ishlab chiqariladi.

Foto: Nissan

Dizaynda «T» shaklidagi old chiroqlar, keng radiator panjarasi va silliq LED chiziqlar avtomobilga texnologik ko‘rinish beradi. PHEV versiyasi o‘zining yopiq panjara qismi va kosmik kapsula uslubidagi yoritqich chizig‘i bilan farq qiladi. Orqa qismda esa chiroqlar old qismini takrorlaydi va markazda yirik Nissan logotipi joylashgan.

Foto: Nissan

Frontier Pro’ning o‘lchamlari 5520×1960×1950 mm. G‘ildirak bazasi esa 3300 mm. Salonida 14,6 dyuymli sensorli ekran, to‘liq raqamli asboblar paneli, pianino uslubidagi tugmalar va elektron uzatish dastasi mavjud.

Texnik jihatdan, model uch xil dvigatel bilan jihozlanadi:

  • 2.0T benzinli;
  • 2.3T dizel;
  • PHEV gibrid tizimi.
Foto: Nissan

Avtomobilda BorgWarner Mlock 4×4 tizimi va ZF 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi ishlatiladi. Maksimal quvvati 136 kVt (182 ot kuchi), aylanish momenti esa 500 Nm ga teng. Gibrid versiyasi esa 410 ot kuchi va 800 Nm moment ishlab chiqaradi, 135 km elektr yurish masofasiga ega hamda 3,5 tonnagacha tirkama torta oladi.

Foto: Nissan

Oldindan buyurtma 30-oktabrdan 26-noyabrgacha davom etadi, rasmiy taqdimot esa yilning to‘rtinchi choragiga rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nissan Teana avtomobili Huawei HarmonyOS tizimi bilan taqdim etilgani haqida yozgan edi.