Nvidia Nokia’ga $1 mlrd sarmoya kiritadi

eʼlon qilindi
Maqsad sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan 5G va 6G tarmoqlarini tezroq amaliyotga joriy etishdir
Nvidia Nokia’ga $1 mlrd sarmoya kiritadi
Nvidia Nokia’ga $1 mlrd sarmoya kiritadi / Foto: Nokia

Amerikaning texnologik giganti Nvidia Finlyandiyaning Nokia kompaniyasiga $1 milliard investitsiya kiritadi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.

Maqsad sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan 5G va 6G tarmoqlarini tezroq amaliyotga joriy etishdir. Bitim orqali Nvidia Nokia’da 2,9 foiz ulushga ega bo‘ladi.

«Aqlli tarmoq» konsepsiyasi – AI-RAN

Hamkorlik doirasida ikki kompaniya yangi texnologik yo‘nalish — AI-RAN (Artificial Intelligence Radio Access Network) ustida ishlaydi. Bu tizim mobil tarmoqlarni faqat ma’lumot uzatuvchi emas, balki o‘zi o‘rganadigan va moslashadigan aqlli tizimga aylantiradi.

Nvidia o‘zining CUDA va AI platformalarini Nokia’ning telekommunikatsiya tizimlariga integratsiya qiladi. Natijada tarmoqlar foydalanuvchiga yaqin nuqtada — «chekka hisoblash» (edge computing) orqali AI yuklamalarini qayta ishlash imkoniga ega bo‘ladi.

Bitim tafsilotlari

Nvidia 166,4 million dona yangi Nokia aksiyasini har birini $6,01dan sotib oladi. Mablag‘ AI asosidagi RAN dasturlarini ishlab chiqish, bulutli yechimlar va ma’lumot markazlarini kengaytirish, hamda optik va switching texnologiyalarni takomillashtirishga yo‘naltiriladi.

Hamkorlar va sinovlar

Hamkorlik doirasida T-Mobile US kompaniyasi bilan 2026-yilda AI-RAN tarmoqlarining amaliy sinovlari o‘tkaziladi. Sinovlarda ishlash tezligi, energiya samaradorligi va real sharoitdagi barqarorlik baholanadi.
Dell Technologies ham loyihaning infratuzilma qismi bo‘yicha sherik sifatida jalb etilgan. Bu esa ma’lumot markazlari va edge computing integratsiyasida yangi imkoniyatlar ochadi.

Nokia bosh direktori Jastin Hotard bu hamkorlikni «tarmoqlar qanday ishlashini tubdan qayta loyihalash jarayoni» deb atadi.
Nvidia rahbari Jensen Huang esa telekommunikatsiyani «zamonaviy iqtisodiyotning raqamli asab tizimi» deb ta’rifladi va AI-RAN texnologiyasini «infratuzilma tarixidagi navbatdagi inqilob» sifatida ko‘rsatdi.

Ekspertlarga ko‘ra, bu hamkorlik 4G davridan keyingi eng muhim burilish bo‘lishi mumkin. Yangi AI-RAN tizimlari yordamida 6G tarmoqlari real vaqt rejimida o‘ylaydigan, o‘rganadigan va moslashadigan darajaga yetadi — bu esa butun dunyo telekommunikatsiyasining yangi bosqichini boshlab beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 20 dollarlik tugmali Nokia telefonlari taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek