OpenAI IPOga tayyorlanmoqda

OpenAI kompaniyasi jahon tarixidagi eng yirik boshlang‘ich ommaviy aksiyadorlik (IPO) uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Kompaniya 2026-yilning ikkinchi yarmida moliya regulyatorlariga murojaat qilishi mumkin va kamida $60 mlrd yoki undan ko‘proq mablag‘ jalb qilinishi rejalashtirilmoqda.
Bosh moliya direktori Sara Friar IPOni 2027-yilda rejalashtirayotganini aytgan, ammo ba’zi maslahatchilar jarayon 2026-yil oxirida ham boshlanishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. OpenAI vakili esa IPO kompaniyaning asosiy maqsadi emasligini va ular sun’iy intellektni xavfsiz rivojlantirishga e’tibor qaratayotganini bildirgan.
IPO orqali OpenAI jamoat aksiyalari yordamida kapital jalb qilish va yirik xaridlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu bosh direktor Sem Altmanning sun’iy intellekt infratuzilmasiga katta mablag‘ kiritish rejasini moliyalashtirishga yordam beradi.
Ma’lumot uchun, OpenAI 2015-yilda notijorat tashkilot sifatida ish boshlagan. So‘nggi yillarda tuzilishi qayta tashkil etilib, notijorat bo‘limi kompaniya ustidan nazoratni saqlab qolgan. Hozir bo‘lim OpenAI Groupdagi 26% ulushga ega va kompaniya maqsadlariga erishsa qo‘shimcha aksiyalarni olish huquqiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI sun’iy intellektga ega ChatGPT Atlas brauzerini taqdim etgan edi.