O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari 4,2 foizga oshdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi 26,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,2 foizga ko‘pdir.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilib, bu yerda xizmatlar hajmi 12,8 trln so‘mga yetgan. Shuningdek, Samarqand viloyati – 1,9 trln, Farg‘ona viloyati – 1,7 trln va Andijon, Buxoro hamda Toshkent viloyatlarida 1,3 trln so‘m atrofida bo‘lgan.
Eng past natijalar Sirdaryo (257,5 mlrd) va Navoiy (343 mlrd) viloyatlarida kuzatilgan. Shunga qaramay, mamlakat bo‘ylab ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda ta’lim, sport va obodonlashtirish ishlariga 87 mlrd so‘m yo‘naltirilishi haqida xabar bergan edik.