
Telegram asoschisi Pavel Durov Dubayda o‘tkazilgan Blockchain Life 2025 forumida yangi Cocoon (Confidential Compute Open Network) loyihasini taqdim etdi. Bu haqda forumning rasmiy Telegram sahifasida ma’lum qilindi.
Ushbu loyiha TON blokcheyni va markazlashmagan sun’iy intellekt texnologiyalarini birlashtirib, GPU-maynerlar hisoblash quvvatlarini taqdim etadi. Ular mukofot sifatida Toncoin (TON) tokenlarini oladi.

Durovning so‘zlariga ko‘ra, Cocoon dasturchilarga qimmat infratuzilmasiz arzon AI vositalaridan foydalanish imkonini beradi, foydalanuvchilar esa anonim ravishda sun’iy intellektdan foydalana oladi. Ma’lumotlar tarmoq ichida to‘liq shifrlanadi, bu esa tizimni ChatGPT kabi markazlashgan modellaridan ajratib turadi.
Loyiha noyabr oyida ishga tushiriladi. Durov ta’kidlashicha, Telegram Cocoon’ning birinchi yirik mijoziga aylanadi va uni global ekotizimida faol ilgari suradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durov Ostonada sun’iy intellekt laboratoriyasi ochilishini e’lon qilgan edi.