Prezident YUNЕSKOning 43-sessiyasida beshta muhim tashabbusni ilgari surdi

eʼlon qilindi
Prezident matbuot xizmati davlat rahbarining nutqini e’lon qildi
Prezident YUNЕSKOning 43-sessiyasida beshta muhim tashabbusni ilgari surdi
Prezident YUNЕSKOning 43-sessiyasida beshta muhim tashabbusni ilgari surdi. Foto: prezident matbuot xizmati

Samarqanddagi YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshta muhim tashabbusni ilgari surdi. Davlat rahbari matbuot xizmati prezident nutqini e’lon qildi.

Prezident avvalo mehmonlarni qadimiy Samarqand shahrida samimiy qutladi. So‘ng YUNЕSKO konferensiyasi 40 yildan keyin ilk bor Bosh qarorgohdan tashqarida o‘tayotgani va bu O‘zbekiston uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi. U YUNЕSKOning ta’lim, fan, madaniyat va insoniyat merosini asrashdagi o‘rnini alohida qayd etdi.

Davlat rahbari ilgari surgan tashabbuslar

Davlat rahbari o‘z nutqida zamonaviy dunyoda gumanitar hamkorlikning ahamiyati ortib borayotganini aytdi. Shu bilan birga, quyidagi besh tashabbusni ilgari surdi:

  1. Inklyuziv ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish. Har bir bolaga, jismoniy yoki ijtimoiy holatidan qat’i nazar, teng ta’lim imkoniyatlari yaratilishi zarurligi qayd etildi. O‘zbekiston YUNЕSKO bilan birgalikda «Sun’iy intellekt – maktab» loyihasini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, YUNЕSKO shafeligida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumanini o‘tkazish taklif qilindi.
  2. Jahon madaniy merosini saqlash. Prezident noyob madaniy obyektlar va qo‘lyozmalarni himoya qilish uchun 19-noyabrni «Hujjatli meros xalqaro kuni» deb e’lon qilishni taklif etdi. Shuningdek, Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institut tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
  3. Xotin-qizlar yetakchiligi akademiyasi. Dunyo miqyosida ayollarning ilm-fan, ta’lim va madaniyatdagi ishtirokini kuchaytirish maqsadida Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha YUNЕSKO akademiyasini tashkil etish taklifi bildirildi. Shuningdek, Samarqandda xotin-qizlarning Ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi global forumini o‘tkazish taklifi ham ilgari surildi.
  4. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash. «YUNЕSKOning Ekologik poytaxti» nomli global dastur tashkil etish hamda madaniy merosni himoya qilish bo‘yicha yangi rezolyutsiya ishlab chiqish taklifi bildirildi. Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyorligi qayd etildi.
  5. Axborot sohasida xavfsizlik va media savodxonlik. Yoshlarni soxta axborot va manipulyatsiyadan himoya qilish maqsadida YUNЕSKO doirasida Media savodxonlik strategiyasini ishlab chiqish hamda Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, prezident O‘zbekiston YUNЕSKO bilan ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirdi. U «Samarqand ruhi» insoniyatni totuvlik va taraqqiyot sari birlashtiruvchi kuchga aylanishiga ishonch bildirdi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev YUNESKO bosh direktori Odri Azuleni «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Shuningdek