Quyi Chirchiqda yuk mashinasi gaz quvuriga urilishi ortidan 500 xonadon gazsiz qoldi

Quyi Chirchiqda yuk mashinasi gaz quvuriga urilishi ortidan ko‘plab xonadonlar gazsiz qoldi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 30-oktabr kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanining Surum mahallasida yuk mashinasi o‘rta bosimli gaz quvuriga urilib, quvur shikastlangan. Natijada gaz sizib chiqish holati yuzaga kelgan va 500 ta xonadonda gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.

Hozirda tuman gaz ta’minoti bo‘limining avariya xizmati joyda ta’mirlash ishlarini olib bormoqda. Ishlar yakunlangach, hududdagi gaz ta’minoti to‘liq tiklanadi.
Avvalroq Samarqanddagi gaz portlashi ishi bo‘yicha to‘rt nafar xodim yetti yilga qamalgani xabar qilingandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fojiadan avval uy egalari gaz sizib chiqayotgani haqida 11 marta gaz idorasiga murojaat qilgan, biroq javobgar xodimlar bu murojaatlarni e’tiborsiz qoldirgan.