Rossiya O‘zbekistonga metall parchalarini eksport qilish yo‘nalishlarini kengaytiradi

Rossiya Sanoat va savdo vazirligi Mo‘g‘uliston va O‘zbekistonga qora metall parchalarini eksport qilish uchun davlat chegarasi orqali yangi temir yo‘l o‘tkazish punktlarini qo‘shishni rejalashtirmoqda. Vazirlik tomonidan tayyorlangan qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar portaliga joylashtirilgan va 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirishi mumkin.
Tushuntirish xatidagi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tkazish punktlari ro‘yxatini kengaytirish eksport logistikasi samaradorligini oshirish, transport xarajatlarini kamaytirish, sohaning ichki ehtiyojlari va eksport imkoniyatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash imkonini beradi.
Hujjatda qora metall parchalari metallurgiya sanoatining barqaror rivojlanishi uchun muhim xomashyo ekani ta’kidlangan. 2025-yilda metallurgiya sohasida ishlab chiqarishning kamayishi kuzatilmoqda, bu esa ichki talabning pasayishiga va ayrim hududlarda metall parchalari ortishiga olib kelgan.
Shu bois vazirlik bozordagi hozirgi vaziyatni hisobga olib, eksport yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishni va yetkazib berishlarni yanada oqilona taqsimlashni taklif qilmoqda. Ichki bozorda metall parchalari taqchilligining oldini olish uchun soha mutaxassislari bilan birgalikda yechimlar tayyorlandi.
Avvalroq O‘zbekiston Adliya vazirligida radioaktiv chiqindilarning xavfsizlik talablari ro‘yxatdan o‘tkazilgani xabar qilingandi. Ta’kidlanishicha, talablar AES, kichik modulli reaktorlar, ilmiy reaktorlar va boshqa yadro qurilmalariga tatbiq etiladi. Maqsad – chiqindilar bilan ishlashda xavfsizlikni ta’minlash.