Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Imom Buxoriy va Islom Karimov maqbaralarini ziyorat qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrifi chog‘ida, avvalo, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.
Davlat rahbari majmuadagi obodonlashtirish ishlari, yangi masjid va muzey bilan tanishdi. 44 gektar maydonda joylashgan majmua ziyorat, ilm-ma’rifat va tarbiya maskani sifatida faoliyat yuritadi. Unda 10 ming kishilik masjid, muzey, minoralar hamda ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, davlat rahbari muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazdi.




Bundan tashqari, davlat rahbari Hazrati Hizr majmuasida bo‘lib, birinchi prezident Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi va Qur’on oyatlari tilovat qilindi. Shu tariqa davlat rahbari Samarqanddagi ikki muqaddas maskanni ziyorat qilib, ezgu tilaklar bildirdi.




Avvalroq Samarqanddagi YUNESKOning 43-sessiyasida 190 ta a’zo davlat va xalqaro tashkilotlardan 2800 dan ortiq vakillar, jumladan, 70 ga yaqin yuqori darajali shaxslar qatnashishi xabar qilingandi. Sessiya doirasida 150 dan ortiq turli tadbirlar, shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan 20 dan ziyod qo‘shimcha uchrashuvlar tashkil etiladi.