Sport

FIA: global avtomobil yig‘ilishi Toshkentda o‘tadi

Marosimda dunyoning eng mashhur haydovchilari ishtirok etadi.
Foto: Dunyo

O‘zbekiston poytaxtida Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA)ning navbatdagi Bosh assambleyasi 10 – 12 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov va FIA jamoatchilik bilan aloqalar direktori Jonatan Refo o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.

Tadbirda 149 davlatdan 245 dan ortiq federatsiya a’zolari ishtirok etishi kutilmoqda. Uchrashuvda tomonlar yo‘l harakati xavfsizligi, transport standarti va ekologik barqarorlik sohalarida hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Shuningdek, O‘zbekistonda elektr va gibrid transport vositalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbuslar ham ko‘rib chiqildi. FIA vakili federatsiyaning ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekiston muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Tashkilot dunyo miqyosida avtosportni rivojlantirish va yo‘l xavfsizligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiradi. «FIA» 1904-yilda Parijda tashkil etilgan bo‘lib, uning bosh qarorgohi Parijda, boshqaruv idorasi Londonda, moliyaviy ofisi esa Jenevada joylashgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekiston «Formula-1» musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha muzokara boshlangani haqida xabar bergan edi.