
UzAuto Motors 3-noyabrdan boshlab yangilangan Chevrolet Cobalt 2025 uchun shartnomalarni ochadi. Kursiv Uzbekkistan yangi modelning dizayni va texnik xususiyatlari haqida maqolasini e’lon qiladi. Kompaniya yangi versiyadagi avtomobillarning ko‘rgazma namunalari allaqachon dilerlik markazlariga yetkazib berilganini qayd etgan.
Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
Modelning ichki qismi

Avtomobilning ichki qismi to‘liq yangilangan. Endi model Chevrolet Tracker uslubida ishlab chiqilib, an’anaviy ko‘rsatkichlar o‘rnini LED ekranli bort kompyuter egallagan. Shuningdek, 7 dyuymli MyLink multimedia tizimi endilikda Apple CarPlay va Android Auto funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Faqatgina orqa ko‘rish kamerasining yo‘qligi bu tizimdagi yagona kamchilik sifatida tilga olinmoqda.

Salonning bezaklari ham sifat jihatidan ancha yaxshilangan. Midnight versiyasi to‘liq qora ranglarda ishlangan bo‘lib, rul va markaziy konsolda yaltiroq qora elementlar qo‘llanilgan. Style AT versiyasi esa o‘zining bej rangdagi mato salonini saqlab qolgan, biroq endi unda isitiladigan o‘rindiqlar va yangilangan asboblar paneli mavjud.
Avtomobil qanday tashqi ko‘rinishga ega

Modelning tashqi ko‘rinishi deyarli o‘zgarmaydi. Asosiy yangilik uning ich qismi va dvigateliga qaratilishi kutilmoqda. Faqat Chevrolet Cobalt Midnight versiyasida maxsus, dizayn va jihozlanish jihatidan boyitilgan ko‘rinishni kutish mumkin.
Modelning narxi
Chevrolet kompaniyasi Cobalt modelining yangilangan versiyalari uchun narxlarni ma’lum qildi.



- Cobalt Style MCM — 156 100 000 so‘m;
- Cobalt Midnight MCM — 165 200 000 so‘m.
Bundan tashqari, avvaldan mavjud komplektatsiyalar narxlari o‘zgarishsiz qoldi:
- Cobalt Style AT Plus — 147 916 000 so‘m;
- Cobalt Midnight AT — 155 231 000 so‘m.
Yangilangan Cobalt modellari orasida Midnight MCM eng yuqori narxdagi komplektatsiya bo‘lib, dizayn va texnologik yangiliklar bilan ajralib turadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn shartnomalar 3-noyabrdan boshlanishi haqida yozgan edi.