Yil yakunigacha O‘zbekistonda yashil energiya ishlab chiqarish hajmi 11 mlrd kVt/soatga yetadi

eʼlon qilindi
Energetika vaziri mamlakatda quyosh va shamol elektr stansiyalari faoliyati kengaytirilayotganini ma’lum qildi
O‘zbekistonda yashil energiya ishlab chiqarish hajmi 11 mlrd kVt/soatga yetadi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda 2025 yil yakunigacha yashil energiya ishlab chiqarish hajmi 11 mlrd kVt/soatdan oshadi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident kuz-qish mavsumida energiya uzilishlarini oldini olish hamda aholiga tezkor axborot berish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergan.

Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, yil oxirigacha umumiy quvvati 5 GVt dan ortiq bo‘lgan quyosh, shamol, issiqlik va gidroelektr stansiyalari, shuningdek, batareya saqlash tizimlari ishga tushiriladi. Shu orqali faqat quyosh va shamol manbalari hisobidan ishlab chiqariladigan elektr hajmi 11 mlrd kVt/soatdan ortiq bo‘lishi rejalashtirilgan.

Vazir shuningdek, ishga tushirilgan loyihalardan samarali foydalanish, energiya tannarxini kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 2026 yil uchun yanada yuqori ishlab chiqarish hajmlarini ta’minlash choralari belgilanmoqda.

22-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy quvvati 4682 MVt bo‘lgan 12 ta quyosh va 5 ta shamol stansiyasi tomonidan 9 mlrd kVt/soat elektr ishlab chiqarilgan. Gidroelektr stansiyalarini qo‘shganda, bu ko‘rsatkich 14,52 mlrd kVt/soatni tashkil etadi. Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 23 foizi «yashil» manbalarga to‘g‘ri kelmoqda.

Energetika vaziri, shuningdek, kuz-qish mavsumida elektr va gaz tariflari oshirilmasligini ham tasdiqladi. Prezident esa tarmoqlarda favqulodda holatlarning oldini olish va iste’molchilarga har bir holat bo‘yicha tezkor axborot berish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak uchrashgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek