Sport

Bahrayn – 2025: O‘zbekiston umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinda bormoqda

13 ta oltin! O‘zbekiston sportchilari Bahraynda porladi
Foro: MOQ

Bahraynda o‘tayotgan III Osiyo yoshlar o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokini davom ettirmoqda. 30-oktabr kuni delegatsiya a’zolari 13 ta oltin, 6 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Umumiy hisobda 147 medal bilan Xitoy yetakchilik qilmoqda. O‘zbek sportchilari esa 37 ta oltin, 16 ta kumush va 28 ta bronza medali bilan ikkinchi o‘rinni band etgan. Uchinchi o‘rinni 93 medal jamg‘argan Qozog‘iston egallab turibdi.

Musobaqaning 30-oktabr kungi boks bahslarida Abdug‘ani Yorqinjonov (-46 kg), Rushanabonu Isoyeva (-60 kg), Ibrohim Shokirjonov (-60 kg), Diyorbek Murodillayev (-75 kg) hamda Asadbek Sultonov (+80 kg) raqiblarini ishonchli tarzda mag‘lub etib, oltin medal sohibi bo‘lishdi.

Foto: MOQ

Dzyudo bahslarida esa Gulsanam Hazratova (-57 kg), Mirzohid Xudoyqulov (-73 kg), Samandar Sunnatov (-81 kg), Jo‘rabek Eshpo‘latov (-90 kg) hamda Alibek Durdiyev (+90 kg) o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini ortda qoldirdi.

Og‘ir atletika yo‘nalishida Dilnura Xoldorova (-77 kg) ikki yo‘nalishda dast ko‘tarish va siltab ko‘tarishda ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Hasanboy Xolmuratov (+94 kg) dast ko‘tarish mashqida g‘alaba qozonib, jamoamiz oltinlar sonini yana bittaga oshirdi.

Esslatib o‘tamiz, 22-oktabrdan beri davom etib kelayotgan musobaqa bugun, 31-oktabr kuni o‘z nihoyasiga yetadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan delegatsiyamiz 29-oktabrda 16 ta medal qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.