
Geely kompaniyasi tomonidan Geely Galaxy Star 6 gibrid avtomobili atigi 68,8 ming yuan ($9,6 ming) narx bilan savdoga chiqdi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda.
Model 100 km uchun atigi 2 litr sarf bilan ajralib turadi. U Geely’ning Thor AI Hybrid 2.0 tizimi bilan jihozlangan. Mashina uzunligi 4,8 metr, g‘ildirak bazasi esa 2,75 metrni tashkil etadi.

Avtomobil 60 yoki 125 km masofani faqat elektr energiyasi hisobiga bosib o‘ta oladigan versiyalarda taklif etiladi. Eng arzon 125 km elektr yurish zaxirasiga ega versiyaning narxi 79,8 ming yuan, eng to‘liq jihozlangan varianti esa 99,8 ming yuanga baholangan.
Tashqi ko‘rinish Ripple Aesthetics uslubida yaratilgan. U besh xil rangda taqdim etiladi. Salon ikki rangli dizaynda bezatilgan. 10,2 dyuymli raqamli panel va 14,6 dyuymli Flyme Auto tizimidagi multimedia ekrani bilan jihozlangan. Bundan tashqari, 50 Vt quvvatli simsiz telefon zaryadlovchi, ko‘p funksiyali rul va jismoniy tugmalar ham mavjud.

Haydovchiga yordam beruvchi Qianli Haohan H3 tizimi 11 ta kamera, 3 ta millimetrli radar va 12 ta ultratovushli datchiklardan foydalanadi. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, Galaxy Star 6 gibrid tizimi 1,5 litrli 111 ot kuchiga ega dvigatel asosida yaratilgan va sinfidagi eng past yoqilg‘i sarfini ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Geely’ning 9 ming dollarlik elektromobili o‘z-o‘zidan yonib ketgani haqida yozgan edi.
 
                                                             
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                    