
Bayerische Motoren Werke (BMW) nemis muhandisligi ramzlaridan biri. Kompaniya aviatsiya dvigatellari bilan boshlagan yoʻlini mototsiklga keyinchalik esa avtomobilsozlikka oʻzgartiradi. Bugungi kunda BMW Group tarkibida BMW, MINI va Rolls-Royce brendlari 150 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritib kelmoqda. Kursiv Uzbekistanʼning bu safargi Brend tarixi ruknida nemis kompaniyasining yaratilishi, rivojlanishi va burilish nuqtalari haqida soʻz boradi.
Maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:
- Yo‘lning boshlanishi
- Mototsikllar va avtomobil ishlab chiqarish
- Urush yillari
- Qayta tiklanish davri
- Neue Klasse davrining boshlanishi
- Logotip
- Yangi asr va elektr davri
- Moliyaviy koʻrsatkichlar
Yo‘lning boshlanishi

Kompaniya tarixi o‘tgan asrning boshlariga borib taqaladi. Dastlab Karl Fridrix Rapp va Gustav Otto Myunxenda aviadvigatel ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi. 1917-yilda esa korxona Bayerische Motoren Werke nomi bilan roʻyxatdan oʻtadi. Birinchi jahon urushi yillarida kompaniyaning buyurtmalari soni keskin oshadi. Urushdan soʻng esa mamlakatda samolyot ishlab chiqarish orqaga chekinadi. Bunday sharoitda kompaniya yoʻnalishni oʻzgartirishga majbur boʻlib, sanoat dvigatellari, temiryoʻl tormozlari va maishiy mahsulotlar ishlab chiqara boshlaydi.
Mototsikllar va avtomobil ishlab chiqarish

BMWʼning yangi bosqichi tom maʼnoda 1923-yilda boshlangan deyish mumkin. Dastlab R32 mototsikli taqdim etiladi. Uni bokser dvigateli va kardanli uzatmasi bozorda oʻziga xos qiladi. Mototsikl yengil boʻlgani uchun tezligi 90 km/soatga yetar edi.
1924 – 1926-yillarga kelib BMW dvigatellari bir qator aviatsiya rekordlarini yangilaydi. Bu yutuqlar kompaniyaga ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini berdi. 1928-yilda esa Eisenachdagi avtomobil zavodi sotib olindi. Oʻsha yili BMW 3/15 Dixi liniyasi yoʻlga qoʻyildi. Model Austin 7 asosida yaratilgan boʻlsa-da, bozor tomonidan iliq qabul qilindi.

Kompaniya mustaqil konstruktorlik darajasini 1932-yilda namoyon qildi. BMW 303 — bu brend tarixida ilk bor ikki qismli, buyrak shaklidagi radiator panjarasi oʻrnatilgan model boʻlib chiqarildi. Dizayn keyinchalik brendning imzosiga aylandi. 1936-yilda 326 sedan hamda 328 sport rodsteri ishlab chiqarildi. 328 poygalarda gʻalabalar qozondi hamda BMW sport ruhini shu davrlardayoq yaqqol koʻrsatdi.

Urush yillari
Ikkinchi jahon urushi davrida esa kompaniya yana aviadvigatellar ishlab chiqarishga qaytarishga majbur boʻladi. BMW 132 va BMW 801 kabi kuchli agregatlar ishlab chiqildi. BMW 003 reaktiv dvigateli yaratildi. Urush tugagach esa zavodlar vayron boʻldi, uskunalar buzildi, ishlab chiqarishga taqiqlar qoʻyildi. Kompaniya yashab qolishi uchun kundalik buyumlar va velosipedlar ishlab chiqarishga majbur boʻldi. 1948-yilga kelibgina mototsikllarni ishlab chiqarishni qayta tiklaydi. 1951-yilda katta kuzovli BMW 501 taqdim etildi. Model katta muvaffaqiyatga erishmadi, lekin katta yoʻlni ochib berdi.

Qayta tiklanish davri
1952-yilda BMW 502 modeli taqdim etildi. U 0dunyoda ilk marta toʻliq alyuminiy V8 dvigateli bilan jihozlangan avtomobil edi. 1955-yilda esa arzon va ixcham Isetta mikroavtomobili ommalashdi, u oddiy xaridorlar uchun qulay transport vositasi boʻldi. Biroq premium segmentdagi raqobat kuchli edi va BMW moliyaviy bosimni sezdi.

1956-yilda kompaniya eʼtiborni sportkar BMW 507 orqali qaytardi. 220 km/soatgacha tezlik, old disk tormozlari va nafis dizayni uni oʻz davrining afsonasiga aylantirdi. Bugun ham bu model kolleksionerlar orasida eng qadrlanadigan avtomobillardan biri hisoblanadi.
Neue Klasse — yangi davr boshlanishi

1960-yillar boshida BMW tarixidagi eng muhim burilish yuz berdi. Neue Klasse («Yangi sinf») seriyasi kompaniyaning yangi texnik falsafasini shakllantirdi. 1500, 1600, 1800 va 2000 modellari yengil shassi, aniq boshqaruv va ishonchli dvigatellari bilan ajralib turdi. Orqa gʻildirakdan tortish tamoyili BMW dizaynining ajralmas qismiga aylandi. Shu asosda keyinchalik 3, 5 va 7-seriyalar paydo boʻldi.
1970 – 1980-yillar BMW uchun jadal oʻsish davri boʻldi. Kompaniya Yevropa va AQShda ishlab chiqarish tarmoqlarini kengaytirdi. 1972-yilda BMW Motorsport GmbH tashkil etilib, u keyinchalik mashhur M-divizionga aylandi. M1, keyinchalik M3 va M5 modellari poyga texnologiyasini yoʻl avtomobillariga olib kirib, brendning sport imijini mustahkamladi.

1980-yillarda 3-seriya oʻrta sinfda, 7-seriya esa hashamatli avtomobillar segmentida yetakchiga aylandi. 1994-yilda AQShning Spartanburg shahrida zavod ochilib, keyinchalik X-oilasi (X3, X5, X6) ishlab chiqarishiga yoʻl ochdi.
1990-yillarda BMW Rover Group kompaniyasini sotib oldi. Loyiha uzoq davom etmadi, biroq MINI brendi saqlab qolindi va keyinchalik alohida muvaffaqiyatga aylandi. 1998 – 2003-yillarda Rolls-Royce bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, brend BMW tarkibiga kiritildi. Shu bilan birga, Xitoyda BMW Brilliance qoʻshma korxonasi ishga tushirilib, global ishlab chiqarish muvozanatli tizimga aylandi.
Logotip

BMW logotipi 1917-yilda yaratilgan boʻlib, undagi koʻk va oq ranglar Bavariya bayrogʻidan olingan. Emblema yillar davomida yangilangan, ammo mohiyati oʻzgarmagan. U koʻpincha «osmon fonida aylanayotgan propeller» timsoli sifatida talqin qilinadi.
Yangi asr va elektr davri

XXI asr BMW uchun texnologik burilish boʻldi. 2013-yilda kompaniya i3 va i8 elektromobillarini taqdim etdi. Keyinchalik iX, i4 va i7 kabi toʻliq elektr modellar paydo boʻldi. BMW yangi strategiyani eʼlon qildi: elektr, raqamli va barqaror iqtisod.
Yangi Neue Klasse platformasi toʻliq elektr arxitekturani oʻz ichiga oladi. Maqsad – CO₂ chiqindilarini kamaytirish, qayta ishlangan materiallardan keng foydalanish va avtomobillarni doimiy yangilanadigan raqamli mahsulotga aylantirish.

Moliyaviy koʻrsatkichlar
BMW Group soʻnggi yillarda yangi texnologiyalar va elektr platformalarga faol sarmoya kiritmoqda. 2023-yilda kompaniya tarixidagi eng yuqori operatsion foyda – 18,4 mlrd yevroni qayd etdi. Aylanma mablagʻ 9 foizga oʻsib, 155 mlrd yevroga yetdi va BMW daromad boʻyicha ilk bor Mercedesʼni ortda qoldirdi.
2024-yilda esa bozor pasayishi natijasida koʻrsatkichlar qisqardi: sof foyda 7,68 mlrd yevroga tushdi (-37%), umumiy daromad 142,38 mlrd yevroni tashkil etdi (-8,4%). BMW va MINI savdosi 4 foizga, yetkazib berishlar 13,4 foizga kamaydi, biroq elektromobil savdosi 14 foizga oshdi.
Kompaniya 2025-yilda yangi Neue Klasse elektr liniyasini ishlab chiqarishni boshlaydi va foyda marjasini 5 – 7% darajada ushlab turishni rejalashtirmoqda. BMW moliyaviy direktori Valter Mertlning soʻzlariga koʻra, kompaniya 2024-yilda 8,8 mlrd yevro investitsiya kiritgan boʻlib, mablagʻlarning asosiy qismi yangi elektr modellarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla tarixi haqida material tayyorlagan edi.
