
Chery kompaniyasi tomonidan yangi Chery Fulwin T11 avtomobili taqdim etildi. Bu haqda ITHome xabar bermoda.
Ta’kidlanishicha, modelning narxi $26 mingdan boshlanadi. Fulwin T11 o‘z sinfidagi eng qulay interyerlardan biriga ega. Uning salonida 30 dyuymli 6K displey o‘rnatilgan bo‘lib, orqa o‘rindiqlar uchun alohida 17,3 dyuymli ekran mavjud. Dual IMAX Cinema Edition deb nomlangan versiyada 2880 vattli 7.5.4.2 audio tizim o‘rnatilgan bo‘lib, avtomobil ichini haqiqiy kinoteatrga aylantiradi.

Avtomobilning o‘lchamlari 5205×1998×1800 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 3120 mmga teng. Fulwin T11 salonida haydovchi uchun oyoq suyanchig‘i, ikkinchi qator uchun 1022 mm joyga ega. Uchinchi qatorda esa to‘liq elektr boshqaruvli o‘rindiqlar mavjud. Eng qiziqarli jihati, barcha o‘rindiqlarni 1,8 metrli yotoqqa aylantirish mumkin.
Bagaj hajmi 1590 litr. Salonda esa 40 ta saqlash bo‘limi, uch zonali iqlim nazorati va 17 kv. metr haqiqiy charm bilan qoplangan interyer mavjud. Shuningdek, oynalar shovqinni kamaytiruvchi texnologiyaga ega. Shinalar esa maxsus jim yurish tizimi bilan ta’minlangan.

Texnik jihatdan Fulwin T11 1,5 litrli turbo dvigatel asosida qurilgan gibrid tizimga ega. Orqa g‘ildirakdan harakatlanuvchi versiyada quvvat 265 ot kuchi, to‘liq yurish tizimli versiyada esa 469 ot kuchigacha yetadi. Avtomobilning elektrda yurish masofasi 220 km, umumiy yurish zaxirasi esa 1400 kmni tashkil etadi.
Model, shuningdek, Falcon ADAS nomli ilg‘or haydovchi yordam tizimi bilan jihozlangan. U 27 ta sensor, 200 TOPS hisoblash quvvatiga ega va avtomobilga shahar va trassa avtopiloti (City NOA, Highway NOA), shuningdek avtomatik parkovka imkoniyatini beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Exeed Exlantix ET5 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.
 
                                                             
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                    